Prezident bilan "Ochiq muloqot" uchun eng ko‘p biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalash bilan bog‘liq murojaat kelib tushgan

Prezident bilan

Ayni daqiqalarda AOKAda O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lajak “Ochiq muloqoti”ga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha tashkil etilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazilmoqda.

Brifingda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Abror Gadoyev «Ochiq muloqotda ishtirok etish uchun tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtabga 10 500 dan ortiq murojaat kelib tushgani haqida ma’lumot berdi.

“Fuqarolar va tadbirkorlarning biznesni kengaytirish va rivojlantirishga doir murojaatlari, g‘oyalari va takliflarini qabul qilish bo‘yicha Shtab platformasida bir nechta call-markazlar faoliyat yuritmoqda. Murojaatlar 24/7 rejimida qabul qilinadi.

Bugungi kunga kelib Shtab tomonidan 10 623 ta murojaat, shu jumladan, biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalash bilan bog‘liq 4 347 ta, yer, bo‘sh bino va inshootlar ajratish bilan bog‘liq 2 078 ta, turli ruxsatnoma va sertifikatlar olish bilan bog‘liq 434 ta, shuningdek, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha bir qator taklif va g‘oyalar qabul qilindi”, deydi Abror Gadoyev.

Ta’kidlanishicha hududlar kesimida Toshkent shahri (1 146 ta murojaat), Toshkent viloyati (954 ta murojaat) va Qashqadaryo viloyati (929 ta murojaat) yetakchilik qilmoqda.

Shuningdek, Shtabning tahliliy guruhi kelib tushayotgan murojaatlarni tizimli va alohida muammolarga tizimlashtirish va tasniflash hamda aniqlangan muammolar yechimini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar