2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentga 2021 yil uchun Murojaatnomasining eng muhim qismini qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerlarning unumdorligini oshirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish va qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyatining Murojaatga sharhi.
Ishonchim komilki, ushbu tezisning mohiyati qishloq xo‘jaligi – O‘zbekiston rivojiga xizmat qilishi lozim deganidir.
Xususan, Prezident qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirish kambag‘allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishning eng tez natija beradigan omil ekanligiga e’tibor qaratdi. Prezident har gektar erdan olinadigan daromadni hozirgi o‘rtacha 2000 dollardan kamida 5000 dollargacha oshirish bo‘yicha ustuvor vazifa qo‘ydi. Buning uchun davlatimiz rahbari 2021 yilda qishloq xo‘jaligiga suvni tejash, biotexnologiya va urug‘chilik sohasida eng ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni davom ettirish va takomillashtirish vazifasini qo‘ydi. Bundan tashqari, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid juda muhim masalaga, yani yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va ularni bozor aktivlariga aylantirishga bag‘ishladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari 2021 yilda barcha hududlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari yaratish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Bu yerda 100 dan ortiq agrohizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, yerlarning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘larni tanlash va boshqa xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, birinchi marta qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‘lari jalb qilinadi.
Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga bunday katta e’tiborining asosiy sababi ushbu sohaning iqtisodiy rivojlanishga ulkan ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bilan bog‘lash mumkin. Qishloq joylarda sharoitlarning yaxshilanishi kambag‘allikning kamayishiga katta hissa qo‘shishi mumkin. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 1993-2002 yillarda dunyo qishloq aholisi orasida kambag‘allikning kamayishining 81 foizi qishloq sharoitlari yaxshilanganligi bilan bog‘liq (migratsiyaning kambag‘allikni kamaytirishdagi roli atigi 19 foizini tashkil qiladi). Qishloq xo‘jaligidagi o‘sishining nisbiy avfzalliklari kambag‘allikni kamaytirishdagi roli ekonometrik tadqiqotlar bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi. Mamlakatlararo ekonometrik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yalpi ichki mahsulotning o‘sishi kambag‘allar uchun nisbatan katta samara keltiradi. Xususan, kambag‘allikni kamaytirishda qishloq xo‘jaligidagi o‘sish boshqa tarmoqlarda erishilgan o‘sishdan keluvchi samaraga nisbatan kamida ikki baravar yuqori bo‘ladi.
Masalan, Xitoyda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga asoslangan jami iqtisodiy o‘sish kambag‘allikni kamaytirishda qishloq xo‘jaligidan tashqari sohalardagi o‘sishga nisbatan 3,5 baravar, Lotin Amerikasida esa 2,7 baravar samarali ekanligi aniqlangan. Qishloq xo‘jaligining Xindistonda texnologik innovatsiyalar joriy etish (yuqori hosilli ekinlarni yetishtirish), Xitoyda esa institutsional innovatsiyalar (uy xo‘jaliklarining javobgarligi va bozorni liberallashtirish) tufayli jadal o‘sishi butun dunyo bo‘ylab qishloqdagi kambag‘allikning sezilarli darajada pasayishiga olib keldi.
Janubiy Koreyaning tajribasi ham ibratlidir. Bu yerda jadal sanoatlashish davridan oldin (yigirmanchi asrning birinchi yarmida) qishloq infratuzilmasiga (birinchi navbatda yo‘l tarmog‘iga), sug‘orishga, o‘g‘itlarga va yuqori mahsuldor urug‘liklarga muhim sarmoyalar kiritilishi keyingi sanoatlashish davri uchun muhim dastlabki shart-sharoitlarni ta’minladi.
Shunday qilib, Prezident Murojaatnomasidan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dastlabki bosqich ekanligini va ushbu sohani samarali rivojlanishisiz boshqa murakkab sanoat va xizmatlarning keyingi rivojlanishini tasavvur qilish qiyinligini aniq tushunish mumkin.
Izoh qoldirish