Samarali muzokaralardan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. Hujjatda qardosh xalqlarimizning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.
Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.
Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.
Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.
Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.
Izoh qoldirish