Prezident videoselektor yig‘ilishida bir qancha topshiriqlar berdi

Prezident videoselektor yig‘ilishida bir qancha topshiriqlar berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilishda suvdan oqilona foydalanish masalalari haqida ham so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida bu boradagi barcha jihatlar belgilab berilgan. Jumladan, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda 2 million gektarda suv tejovchi, shundan 600 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga yiliga 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, raqamlashtirish hisobiga elektr energiyasi sarfini 2 milliard kilovatt soatga qisqartirish kabi ko‘rsatkichlar belgilangan.

Suv xo‘jaligi vazirligi bu vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, yangicha uslubda ishlashi zarurligi ta’kidlandi. 2025 yilga qadar sohani to‘liq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz g‘alla yetishtirish yakunlariga to‘xtalib, shunday murakkab sharoitda ham dala mehnatkashlari omilkorlik bilan 6 million 400 ming tonnadan ortiq g‘alla hosili yetishtirganini ta’kidladi. Buning uchun barcha fermer, dehqon va klasterlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Videoselektorda, shuningdek, g‘o‘za parvarishi bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hamda takroriy ekinlar ekish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

– Umuman olganda, qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish va sohada bozor iqtisodiyotini keng joriy etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyati va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatadigan juda muhim masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soha mutasaddilari va hokimlar topshiriqlar ijrosini tashkil etish, aytib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf qilish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Yig‘ilish so‘ngida davlatimiz rahbari yana bir bor pandemiya masalasiga to‘xtaldi:

- Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, iltimos qilmoqchiman. O‘tgan davrda juda katta tajriba orttirdik. Keyingi paytlarda iqtisodiyotimizni tiklash uchun karantin tartibini yumshatdik, lekin kasallanganlar va o‘limlar soni ko‘paygani bizni, albatta, katta tashvishga solmoqda.

O‘zimizni, farzandlarimizni, aziz ota-onalarimizni asraylik. Faqat va faqat sog‘lig‘imizni o‘zimiz asrab, oila a’zolarimizni, qarindoshlarimizni sog‘lig‘iga ogoh bo‘lib, yig‘inlarni kamaytirib, karantin normalariga rioya qilsak, kasallikni jilovlab olamiz.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar