Qashqadaryo viloyati hokimi viloyat aholisiga qilgan murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlarni ishlatdi?

Qashqadaryo viloyati hokimi viloyat aholisiga qilgan murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlarni ishlatdi?

2021 yil 20 dekabrda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining 36 sessiyasida viloyat hokimi v.b. Murotjon Azimov viloyat aholisiga murojaat qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan bu murojaatnomaning lingvistik kontent-tahlili o‘tkazildi.

Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, tahlilchilar viloyat hokimi nimaga ko‘proq e’tibor qaratayotganini aniqlashdi.

Viloyat hokimi o‘z nutqida jami 6245 so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “Aholi” so‘zini - 41 marta, “Yangi” so‘zini – 36 marta, “Qurilish” so‘zini 27 marta, “Xizmat” va “Hudud” so‘zlarini 22 martadan, “Mahalla”, “Rivojlantirish” va “Yoshlar” so‘zlarini – 20 martadan, “Ijtimoiy” va “Mahsulot so‘zlarini 19 martadan qo‘llagan. Shu bilan bir qatorda, “Maktab”, “Qishloq”, “Loyiha”, “Suv”, “Tadbirkorlik”, “Gaz”, “Kredit”, “Sanoat” va “Yo‘l” so‘zlari ham ko‘p takrorlangan.

Murojaatda viloyat hokimi asosiy e’tiborni Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Inson-Jamiyat-Davlat yangi tamoyili hamda Inson qadri uchunustuvor tamoyilini amalga oshirish, 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan, viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari dinamikasi, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash orqali uni yanada rivojlantirish hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi masalalariga qaratdi.

Jumladan, viloyatda 2021 yilning 1 dekabr holatida yalpi hududiy mahsulot 108,4 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 114,6 foiz, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish 100,1 foiz, xizmat ko‘rsatish 118,5 foiz, chakana savdo aylanmasi 111,8 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 103,1 foiz hamda pudrat ishlari 119,6 foizga oshgan.

Tadbirkorlik sub’yektlari soni 61 ming 512 taga, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 69 foizga, (2020 yil yakunida 60,1%), sanoatda 25 foizga, xizmat ko‘rsatishda 75 foizga, byudjet tushumidagi ulushi esa 58 foizga yetkazilgan. E’tiborli jihati shundaki, bugungi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining 49 foizdan ortig‘i o‘tgan 3 yilda tashkil etilgan.

Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 26 ta qishloq va 4 ta mahalladagi 1 099 ta ob’yektda 498 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. Jumladan, 2 047 ta yakka tartibdagi uy-joylar hamda 15 ta ko‘p xonadonli uy-joylar ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirilgan, 409,3 km ichimlik suvi, 216,5 km elektr tarmoqlari va 515,4 km yo‘llarda ta’mirlash ishlari bajarilib, 1 074 dona gaz balloni aholiga yetkazib berilgan, 82 ta ijtimoiy soha hamda 170 ta bozor infratuzilma ob’yektlari yangidan qurilib, ta’mirdan chiqarilgan.

Ichki yo‘llar holatini yaxshilash maqsadida byudjetdan ajratilgan 329 mlrd 500 mln. so‘m mablag‘ hisobidan 965 km yo‘llar va 33 ta ko‘prikda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ham respublikada eng past darajadaligi inobatga olinib, ajratilgan 235 mlrd 600 mln. so‘m mablag‘ evaziga qurilish ishlari boshlanib, 47 ta ichimlik suvi ob’yektidan 30 tasida 427,6 km ichimlik suv tarmog‘i foydalanishga topshirish arafasida, 17 tasida esa qurilish ishlari davom etmoqda.

Elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda 1 500 km elektr uzatish tarmoqlarida va 400 dona transformator punktlarida qurilish va modernizatsiya ishlari amalga oshirilishi hisobiga 479 ta mahalladagi 271 ming aholi xonadoniga yetkazib berilayotgan elektr energiya sifati yaxshilandi.

Gaz ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida 5 km gaz tarmog‘i yangidan qurildi, 16 km tarmoq mukammal va 76 ta gaz taqsimlash shoxobchasi joriy ta’mirlandi, 1 074 ta maishiy gaz ballonlar aholi xonadonlariga yetkazib berildi. Bundan tashqari, aholi iste’molchilariga 113 ming 135 ta elektron gaz hisoblash uskunalari o‘rnatildi.

Investitsiya dasturiga ko‘ra qurilish ishlari olib borilgan 299 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yektlaridan, joriy yilda ishga tushirish rejalashtirilgan 252 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yekti to‘liq foydalanishga topshirilib, qolgan 47 ta ob’yektda qurilish ishlari davom etmoqda.

Zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 3,8 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurildi. 56 ming 800 abonentga mo‘ljallangan keng polosali qurilmalar hamda 324 ta tayanch stansiyalari o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Natijada, yuqori tezlikdagi Internet xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 86 foizga yetkazildi.

Ijtimoiy himoya sohasi bo‘yicha “Temir daftar”da turgan 13 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 22 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, ushbu daftardagi 11 ming 686 ta oilalarning 25 ming 176 nafar 18 yoshga to‘lmagan bolalarga 12 mlrd. 588 mln so‘m bir martalik yordam ko‘rsatildi.

“Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida 71 mingdan ortiq xotin-qizlarga 25 mlrd. so‘mlik manzilli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 26 mingga yaqin xotin-qizlar bandligi ta’minlandi, 5,9 mingdan ziyodi tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitildi hamda 4,5 ming nafariga 63 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 ming 329 nafar yoshlarning 47 ming 517 nafari (94,4 foiz) daftardan chiqarildi. Daftardagi 18 992 nafar yoshlarga 23 mlrd 460 mln so‘mlik moliyaviy ko‘mak berilib, ijtimoiy qo‘llab quvvatlandi.

Joriy yilda viloyatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yuzasidan Qarshi shahrida zamonaviy va barcha qulayliklarga ega Ma’naviyat maskani, Shahrisabz tumanida “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” binolari foydalanishga topshirildi. Sentyabr oyida Shahrisabz shahrida “Amir Temur dunyo olimlari va adiblari nigohida” deb nomlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

2021 yilda viloyatga 680 mingta mahalliy va 47 ming 300 ta xorijiy turistlar tashrif buyurdi. Turistlar va viloyatimiz mehmonlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilda 5 ta mehmonxona, 1 ta xostel, 15 ta xususiy davolanish maskani va 102 ta uy mehmonxonasi 1 ta turoperator sohada o‘z faoliyatini boshlab 254 ta yangi ish o‘rni yaratildi, turizm sohasidagi ish o‘rinlari soni 1 370 taga yetkazildi.

Viloyat hokimi o‘z murojaatida 2022 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan aniq rejalarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, 2022 yilda viloyatda :

- yalpi hududiy mahsulot 106,5 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 106,8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,4 foizga, xizmat ko‘rsatish hajmi 122 foizga o‘sish ta’minlanadi;

- aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 104,2 foizga oshiriladi va 13 mln 938 ming so‘mga yetkaziladi.

- soliq bazasini kengaytirish hamda soliqlarni yig‘uvchanligini oshirish orqali byudjetga 3 trln 677 mlrd 500 mln. so‘m tushum ta’minlanadi;

- xizmatlar sohasida viloyat hududidan o‘tadigan xalqaro hamda respublika ahamiyatidagi yo‘llarda 522 ta (21,7 ga) yer maydonlarida savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari tashkil etiladi;

- 105 mingdan ortiq aholining bandligi ta’minlanadi. Hokim yordamchilari o‘z “byudjeti” doirasida subsidiyalar berish, jamoat ishlarini tashkil etish hamda kasbga o‘qitishga mablag‘ ajratish, mahallalarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar berish orqali 82 ming 642 nafar, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda investitsiya loyihalari hisobiga 22 ming 410 nafar aholi ish bilan band bo‘ladi;

- ishsizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. 92 ta mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ish boshlab, ular Sho‘rtangazkimyo majmuasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodiga biriktiriladi;

- kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln. dollar qo‘shimcha resurslar hamda tadbirkorlarga kredit foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 mlrd. so‘m ajratiladi.

Shu bilan bir qatorda, viloyat hokimi nutqida investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirishning “pastdan-yuqoriga” tamoyiliga asoslangan yangi tizimi, hududlarda tashkil etiladigan “Loyiha guruhlari", hududlarni jadal rivojlantirishga yo‘naltiriladigan xorijiy investitsiya loyihalari, eksport hajmini oshirish, sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish, Yevropa bozorlariga kirish uchun “Qashqadaryo brendi”ni joriy etish, “Urgut erkin iqtisodiy zona”si filiali faoliyati yo‘lga qo‘yish hamda ijtimoiy himoya sohasidagi 2022 yilga mo‘ljallangan rejalar xususida to‘xtalib o‘tilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar