Qashqadaryo viloyatining 2022 yil yanvar-sentyabr oylaridagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Qashqadaryo viloyatining 2022 yil yanvar-sentyabr oylaridagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar. Asosiy kapitilga kiritilgan investitsiyalar hajmi 11 668,6 mlrd. so‘mni (2021 yilga nisbatan 96%) tashkil qilgan.

Viloyatda investitsiyalar o‘zlashtirilishida keskin differensiallik saqlanib qolgan. Xususan, kiritilgan investitsiyalarning 68%i viloyatning 4 ta hududi - Muborak (22,1%), Qarshi shahri (18,6%) G‘uzor (17,1%) va Kitob (10,2%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

1-rasm. Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning hududlar kesimida ulushi

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida viloyat bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 42%i to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan, 24,1% - korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari, 14,8% - aholi mablag‘lari, 9% - Respublika byudjeti, 5% - tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari, 3,1% - Respublika kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan.

2-rasm. Moliyalashtirish manbalariga ko‘ra asosiy vositalarga o‘zlashtirilgan investitsiyalar

Hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar natijasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Kitob (1,7 baravar), Kasbi, Mirishkor (1,6 baravar), Koson (1,5 baravar) tumanlari va Shahrisabz shahrida (1,4 baravar) yuqori o‘sish darajasini qayd etgan.

3-rasm. Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning o‘sish sur’atlari (%da)

Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tarkibi tahlil qilinganda ishlab chiqarish sanoati yetakchilik qilgan bo‘lib, ushbu tarmoqda moliyalashtirish manbalari hisobidan 2 821,4 mlrd. so‘m (asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 24,2%i) o‘zlashtirilgan. Hajm jihatidan keyingi o‘rinni tog‘-kon sanoati (11,1%), qishloq xo‘jaligi (9,2%) va turar-joy qurilishi (7,6%) egallagan.

Ijtimoiy sohada joriy davrda jami umumiy maydoni 774,9 ming kv. metr bo‘lgan 4 424 ta turar-joy ob’yekti yangi qurilib, ulardan umumiy maydoni 306,5 ming kv. metr bo‘lgan 1618 tasi qishloq joylarida joylashgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p turar-joy Chiroqchi (viloyatdagi ulushi 13,1%), Kitob (13%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 25 oktyabrida davlatimiz rahbari tomonidan Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi. Jumladan ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida 13 ta bog‘chani qayta qurish hamda 14 ta mahallada yangi bog‘cha qurish loyihasini 2023 yil dasturiga kiritish hamda 2023 yilda 3,4 mlrd dollarlik 769 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish natajasida 13 186 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish kutilmoqda.

Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodimi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar