«O‘zgidromet»ning xabar qilishicha, respublikamiz hududlarida 23-26 fevral kunlari havo harorati keskin sovib ketishi kutilmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi mevali daraxtlar, bog‘lar va uzumzorlar, qishloq xo‘jaligi ekinlariga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Qish mavsumining so‘nggi dekadalarida havoning iliq kelishi, yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari, mevali daraxtlar, tut va uzumzorlarning erta uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyining ikkinchi dekadasida iliq ob-havo harorati hisobiga mevali daraxtlar, tut va tokning bahorgi vegetatsiyasi o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 2,5-3 hafta erta boshlandi.
Havo harorati keskin sovib ketishi oqibatida mevali daraxtlar, bog‘lar va uzumzorlar, qishloq xo‘jaligi ekinlariga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida quyidagilar tavsiya etilmoqda:
- Mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;
- Mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga go‘ng aralash xashak, paxol, shox-shabba uyumlarini to‘plap, ularni tutashish. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25 – 1,5 m hamda balandligi 0,5 – 0,75 m dan to‘p-to‘p qilib o‘yib qo‘yish;
- Havo ochiq bo‘lib harorat +1S ga tushishi bilan uyumlarni tutashish. Bunda uyumlarning alangalanmay tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish;
- Ertagi muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa sharoitga qarab egat ustiga qarab egat ustini politilen bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv quyishni tashkil etish va maydoning atrofiga go‘ng aralash hashak, paxol va shoh-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish;
- Isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrash uchun dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish.
Shuningdek,
- Daraxtlar ostiga chelaklarda iliq suvlarni joylashtirish "tuman effekti"ni hosil qilish;
- Agar parnik issiqxona va undan kichik usti plyonka bilan yopilgan qulupnay, kichik daraxt o‘simliklari va boshqalar bo‘lsa, o‘tin va barg-xazonlar orqali tutun hosil qilish;
- Xovli sharoitida daraxtlarni gullagan navdalarini imkon bo‘lsa, polietilen plyonkalar bilan o‘rash;
- Intensiv va boshqa bog‘lardagi yosh ko‘chatlar tuplari paxol-somon va mato bilan o‘rab himoya qilish.
- Yangi ekilgan yoki yosh ko‘chatlarni xas-xashaklar bilan o‘rab chiqib, ustidan polietilen plyonka tortish (lekin sovuq pasaya boshlashi bilan bosqichma-bosqich yechib chiqish) tavsiya etiladi.
- Issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon poliz ekinlari ko‘chatlarini tayyorlash va urug‘larini ekishni vaqtincha to‘xtatib turish kerak.
"Qo‘shimcha ma’lumot hamda maslahatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalariga, hududlarda tashkil etilgan shtablarga hamda sohaning tajribali mutaxassislariga murojaat qilishingiz so‘raladi", deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish