“O‘zgidromet”ning xabar berishicha, joriy yilning 17-22 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi kuchayishi sababli kunduz kunlari ayrim hududlarda havo harorati +47 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Ma’lumki, havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Buning natijasida, elektr tarmoqlari va transformator punklarida yuklama ortishi va natijada tarmoqda nosozliklar kelib chiqishi mumkin.
Shu maqsadda, Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar tomonidan havo haroratining keskin ko‘tarilishi kunlarida iste’molchilarga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, ushbu kunlarda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stansiyalarda zaxira energobloklari ishga qo‘shiladi. Elektr energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish maqsadida joriy yil boshidan 2 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 330 dan ortiq transformator punklari yangilandi.
Bundan tashqari past kuchlanishli 17 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 6 mingga yaqin transformator punkti, shuningdek 110-500 kV kuchlanishli 600 kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmog‘i va 7 ta kuch transformatorlari mukammal ta’mirlandi.
Barcha elektr stansiyalarda 24 soatlik navbatchilik guruhlari tashkil etildi. Buning natijasida ishlab chiqarish quvvatlari barqarorligi ta’minlanadi. Xuddi shuningdek, elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tunu-kun ishlaydigan 227 ta avariyaga qarshi brigadalar tashkil etildi.
“Respublikamizda havo haroratining anomal darajada isishi natijasida elektr qurilmalarida ortiqcha yuklama tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni oldini olish maqsadida sizlardan elektr energiyasidan tejamkorlik bilan, shuningdek, imkon qadar sovutish qurilmalaridan oqilona foydalanishingizni, zarur bo‘lmaganda elektr qurilmalarini tarmoqdan ajratib qo‘yishingizni so‘raymiz.
Ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan oqilona foydalanishimiz natijasida elektr qurilmalarining uzoq muddatga ishdan chiqishini oldi olgan bo‘lamiz hamda energiya resurslarini barcha iste’molchilarga barqaror yetib borilishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish