Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Mamlakatimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi besh yilda ular bilan tashqi savdo hajmi 2,5 barobarga ko‘payib, 6 milliard dollardan oshgan. Yurtimizda qo‘shni davlatlar kapitali ishtirokida 1 ming 700 ta qo‘shma korxona ochilgan.
Yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga oid yangi loyiha va takliflar ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda kichik biznesni yanada rivojlantirish maqsadida hududlarning investitsion jozibadorligi milliy reytingini ishlab chiqish tizimi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning yanvar- iyun oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari tashqi savdo hajmi 15,1 foizga o‘sib, 3,4 mlrd. dollarga yetdi, bu umumiy savdo hajmining 13,9 foizini tashkil etdi.
Shu bilan birga O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport 1,4 mlrd dollarni (o‘sish 20,3 foiz), importi esa 2,0 mlrd dollarni (o‘sish 18,9 foiz) tashkil etdi.
2022 yilning yanvar-may oyi yakunida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanma:
– Qozog‘iston bilan tashqi savdo aylanmasi 2,1 mlrd. dollarni (o‘sish 9,9%) tashkil etib, eksport hajmi 624,7 mln. dollarga, import hajmi esa 1,5 mlrd dollarga yetdi.
– Qirg‘iziston bilan tashqi savdo aylanmasi 589,2 mln. dollarni (o‘sish 38,5%) tashkil etib, eksport hajmi 483,0 mln. dollarga, import hajmi esa 106,2 mln dollarga yetdi.
– Turkmaniston bilan tashqi savdo aylanmasi 418,2 mln. dollarni (o‘sish 9,8%) tashkil etib, eksport hajmi 91,8 mln. dollarga, import hajmi esa 326,4 mln dollarga yetdi.
– Tojikiston bilan tashqi savdo aylanmasi 289,7 mln. dollarni (o‘sish 23,1%) tashkil etib, eksport hajmi 211,0 mln. dollarga, import hajmi esa 78,7 mln dollarga yetdi.
Izoh qoldirish