Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Nima uchun ushbu yig‘ilishni o‘zim o‘tkazayapman? “Inson qadrini ulug‘lash” yilida har bir fuqaromizning xonadonida yaxshi yashashiga sharoit yaratishimiz zarur.
Bir narsani aniq tushunish kerak. Bir yilda O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi. Agar buning 10 foizini iqtisod qilishni o‘rgansak, bu 1 milliard dollarni boshqa ehtiyojlar uchun sarflashimiz mumkin.
Hokim va vazirdan tortib, mahalla raisigacha barcha darajadagi rahbarlar bu masalaning qanchalik muhimligini tushunayaptimi, bu borada o‘zining mas’uliyatini his qilayaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi. Qaysi vazir yoki uning o‘rinbosari hisob-kitob qilib, energiya sarfini qisqartirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi? Ular o‘zi nima uchun oylik olayapti?”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
Yig‘ilishda so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida aholining elektr ta’minotidagi uzilishlar ancha qisqargani qayd etildi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushmoqda. Hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talabi mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi. Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l – muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish. Bu borada 2019 yilda alohida jamg‘arma tashkil qilinib, aholiga byudjetdan subsidiya berish tizimi joriy etildi.
Lekin birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki vazirda o‘z tizimidagi tashkilotlarda energiya iste’moli, uni tejash, muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi, ular joriy qilingan subsidiya va kompensatsiyadan o‘z tarmog‘i yoki hududida foydalanish bo‘yicha jon kuydirmagani tanqid qilindi.
Prezident ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini qayd etib, muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
- o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi;
- yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etilishi belgilandi. Muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal bo‘ladi.
Buning uchun:
- jamg‘arma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
- ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga uskunalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga berish xarajatlari jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi;
- jamg‘armaga 100 mlrd so‘m ajratiladi, ishlatishiga qarab yil yakuniga qadar yana 100 mlrd so‘m beriladi;
- jamg‘armaning elektron portali ishga tushirilib, barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi.
Mutasaddilarga tizimni 1 sentyabrdan amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar”ga kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv isitish qurilmasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda tizimni “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan 620 ta ko‘p qavatli uy-joylarda joriy etish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Masalan, Kitob tumani “Yangiobod” massividagi jami 96 ta xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga yiliga 100 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda.
Bu tajribani Navoiyda barpo etiladigan 2 ta “Yangi O‘zbekiston” massivida jami 620 ta xonadonli 26 ta ko‘p qavatli uylar, 8 ta bog‘cha, maktab va poliklinikada joriy qilish rejalashtirilgan. Ularda quyosh suv isitish tizimlari hisobiga 4 million kilovatt soat elektr iqtisod qilish mumkin. Bu – yiliga 2 milliard so‘m degani.
Viloyat hokimlariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ko‘chalarni yoritish uchun faqat muqobil energiya uskunalari o‘rnatishni nazarda tutish topshirildi.
Yig‘ilishda ijtimoiy soha ob’yektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga kelgusi yil Investitsiya dasturi mablag‘larining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni o‘rnatishga yo‘naltirish topshirildi.
Bunda, yil yakuniga qadar 2 107 ta bog‘chada, 1 ming maktabda, 1 071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1 ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, 2023 yildan:
- savdo-ko‘ngilochar komplekslar, madaniyat va istirohat bog‘lari, restoranlar, mehmonxonalar;
- supermarketlar, do‘konlar, bozorlar, savdo omborlari;
- avtomobillarga gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari;
- aeroport, temir yo‘l va avtobus vokzallari;
- xususiy ta’lim va tibbiyot tashkilotlari;
- tijorat banklari va ularning filiallari kamida 25 foiz issiq suv iste’moli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.
Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida 100 kilovatt quvvatli quyosh elektr uskunasi o‘rnatilib, yiliga 200 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda, 36 ta suv isitish qurilmasini o‘rnatish hisobiga yiliga 4,2 million kilovatt soat yoki qariyb 2 milliard so‘mlik elektr energiyasi tejalmoqda. Oliy ta’lim vazirligiga ushbu tajribani barcha oliygohlarda 2022 yilning o‘zida joriy qilish topshirildi.
Prezident vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidladi. Vazirlik va idoralarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini kamida 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Moliya vazirligi:
- davlat idoralarida energiya resurslari iste’moli bo‘yicha normativlarni ishlab chiqadi;
- yil yakuni bilan xarajatlarni kamaytirmagan rahbarlarga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;
- xorijiy konsultantlarni jalb qilib, barcha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy ob’yektlarda Energiya tejamkorlik milliy dasturini ishlab chiqadi.
Yig‘ilishda shular bilan birga:
- barcha viloyat, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarma va bo‘limlarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida;
- barcha tuman soliq inspeksiyalari va viloyat soliq boshqarmalarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar prokuraturalari, Bosh prokuratura Departamenti va Majburiy ijroning boshqarma va bo‘limlarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar adliya idoralari, davlat xizmatlari markazlari, FHDYo bo‘limlarida;
- barcha viloyat, shahar va tuman moliya, g‘azna, pensiya idoralari, sug‘urta tashkilotlarida;
- kamida 1 mingta mahalla idorasi binolarida muqobil energiya qurilmalarini o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi yig‘ilishda belgilab berilgan chora-tadbirlar hisobiga joriy yilning o‘zida muqobil energiya manbalari qurilmalarining qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik bozori yaratiladi. Shu munosabat bilan har bir viloyatda kamida 1 tadan shunday qurilmalarni ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda hududlarda mikro va kichik GESlar qurish uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani ta’kidlandi (yiliga 180 ming kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi). Bunda:
- 500 kilovattgacha bo‘lgan GESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining boshlang‘ich xarid narxi tadbirkorlar uchun jozibador tariflarda belgilanadi;
- loyiha uchun yer uchastkasi auksion g‘olibiga uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, 1 megavattgacha quyosh va shamol, 5 megavattgacha mikroGESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 10 yil davomida davlat tomonidan kafolatli xarid qilinadi. Yil yakuniga qadar Andijon viloyatida 15 ta, Namanganda 10 ta, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 6 tadan, Samarqand, Sirdaryoda 2 tadan, Buxoro, Jizzax, Farg‘onada 1 tadan loyihani boshlashga ko‘rsatma berildi. Umuman, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatini hisob-kitob qilib, xususiy sheriklik loyihalarini boshlash topshirildi.
Izoh qoldirish