O‘zbekistonda gender zo‘ravonligiga qarshi kampaniyadan keyin ham davom ettirishimiz kerak bo‘lgan ishlar

O‘zbekistonda gender zo‘ravonligiga qarshi kampaniyadan keyin ham davom ettirishimiz kerak bo‘lgan ishlar

Shu yilning noyabr oyida men O‘zbekistonda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasining onlayn ochilishida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldim. U dunyo bo‘ylab ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqiradi. Ushbu tadbirda turli davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Biz koronavirus (COVID-19) pandemiyasining mamlakatdagi ayollar va qizlarning ahvoliga ta’sirini muhokama qildik. Tan olish kerakki, bu halol, ochiq va ehtimol O‘zbekistondagi faoliyatimning dastlabki olti oyi davomida men ishtirok etgan eng ilhomlantiruvchi uchrashuvlardan biri bo‘ldi.

Mahalliy nodavlat tashkilotlari (NNT) yetakchi ayollarining taqdimotlari menda katta taassurot qoldirdi. Ular o‘zlarining jamoalari pandemiya boshlanishidan oldin va eng muhimi, pandemiyaning eng og‘ir paytlarida genderga asoslangan zo‘ravonlik qurbonlariga qanday yordam ko‘rsatganliklari haqida zavq bilan gapirib berishdi. Karantin cheklovlari bilan bog‘liq barcha qiyinchiliklarga qaramay, ular oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga turli xil xizmatlarni ko‘rsatishda davom etishdi va shelterlarining (boshpanalar) eshiklari mamlakatning turli mintaqalarida yuzlab ayollar va ularning farzandlari uchun ochiq edi.

Pandemiya boshlanganidan buyon O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi kuzatildi. Iqtisodiy qiyinchiliklar ko‘plab oilalarnig daromadlar va ish joylaridan mahrum qildi, bu esa o‘z navbatida ayollar va qizlarga nisbatan jismoniy, psixologik, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonliklarning ko‘payishiga olib keldi.

Mamlakatda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha rasmiy statistika ma’lumotlari hali ham mavjud emas. Ammo, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvar-oktyabr oylari oralig‘ida ichki ishlar organlari tomonidan gender zo‘ravonligi qurbonlarining xavfsizligini ta’minlash uchun 8430 dan ortiq himoya orderlari berilgan. Shulardan 4330 nafari jismoniy, 3200 ga yaqini psixologik zo‘ravonlikka uchragan.

7600 dan ortiq holatlarda ayollar va qizlar oilaviy zo‘ravonlikni boshdan kechirishgan. Va deyarli 5920 holatda, ularga nisbatan zo‘ravonlik ishlatga shax ularining erlari bo‘lgan. Ushbu statistik ma’lumotlarning ortida qurbonlar boshidan kechirgan og‘riq, xo‘rlik va qo‘rquv haqidagi shaxsiy hikoyalar yashirinib yotibdi, ularni keng jamoatchilik hech qachon bilmaydi.

O‘zbekiston shunga o‘xshash muammoga duch kelgan yagona davlat emas. Gender asosida zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy va iqtisodiy chegaralarni bilmaydi. Ham rivojlanayotgan, ham rivojlangan mamlakatlarda uning oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarur. Bu pandemiya miqyosidagi global muammo. Masalan, dunyodagi har uchinchi ayol hayoti davomida qandaydir jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechiradi. Jabrlanganlarning atigi 40 foizi yordam uchun murojaat qiladi. Shu bilan birga, dunyodagi 30 dan ortiq mamlakatlarda hali ham oilaviy zo‘ravonlikni taqiqlovchi qonuniy cheklovlar mavjud emas. Bu shuni anglatadiki, xotiniga nisbatan zo‘ravonlik ishlatadigan erkaklar bunday qilmishlari uchun javobgarlikka tortilish ehtimoli juda kam.

Zo‘ravonlik nafaqat qurbonlar va ularning oilalari hayoti va sog‘lig‘i uchun salbiy oqibatlarga olib keladi, balki jamiyat uchun katta ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga ham sababchi bo‘ladi. Genderga asoslangan zo‘ravonlik tufayli ba’zi mamlakatlar YaIMning 3,7 foizigacha yo‘qotadi. Bu aksariyat hukumatlarning ta’lim tizimiga sarflagan xarajatlaridan ikki baravar ko‘pdir.

COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan kiritilgan karantin cheklovlari paytida aksariyat davlatlarda genderga asoslangan zo‘ravonlik miqyosi kengaygan. Shu bilan birga, butun dunyo ayollari hayotiy zarur jinsiy va reproduktiv salomatlik xizmatlari, inqiroz markazlari, boshpana joylari, yuridik yordam kabi xizmatlarini olishda hamda jismoniy va psixologik daxlsizligini ta’minlash uchun yetarli himoya ololmasligi kabi qiyinchiliklarga duch keldilar. Biz bunday vaziyatni beparvo qoldirolmaymiz va uning ko‘lami haqida sukut saqlamasligimiz kerak!

Gender tengligi, shu jumladan, ayollarning o‘z mamlakatlarining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida keng ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jamiyatda ularga nisbatan zo‘ravonlikni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Pandemiya paytida va undan keyin, gender tafovutni chuqurlashtirish shuningdek, ayollar va qizlarning so‘nggi o‘n yilliklarda inson kapitali, iqtisodiy imkoniyatlar, ovoz berish huquqi va harakat erkinligi kabi sohalarda erishgan yutuqlarini bekor qilish xavfi mavjud bo‘lgan bir paytda bu masala yanada dolzarbdir.

2017 yildan boshlab O‘zbekistonda ayollarning jamiyatdagi rolini oshirishga ko‘proq e’tibor berila boshlandi. Mamlakat parlamenti va hukumati bir necha yillar davom etgan turg‘unlik va tashqi dunyodan izolyasiyada bo‘lish siyosatidan so‘ng boshlangan islohotlar dasturi doirasida ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy integratsiyasini oshirishga intilmoqda. Ushbu harakatlarning yuqori nuqtasi 2019 yil sentyabr oyida ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlaydigan va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi ikkita muhim qonunni qabul qilish bo‘ldi.

Shunday qilib, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida" gi qonun jabrlanganlarni ichki ishlar organlari tomonidan himoya qilinishi uchun huquqiy asos yaratadi, shuningdek, ularga davlat tomonidan har xil yordam ko‘rsatish jarayonlarini tizimlashtirishga imkon beradi. Amaldagi jinoyat qonunchiligida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik taqiqlangan harakat bo‘lsa-da, genderga asoslangan zo‘ravonlik holatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qoidalar yoki jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish bo‘yicha tavsiyalar yo‘q edi.

Yangi qonunning qabul qilinishi genderga asoslangan zo‘ravonlikni alohida jinoyat turi sifatida tan oladi va jabrlanuvchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha aniq choralarni belgilaydi. Xususan, hukumat zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayollar va qizlarga bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatishni kafolatlaydi.
2020 yil yanvar oyida hukumat gender asosidagi zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilish buyruqlarini berish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi.

Bu ichki ishlar organlariga ularning jismoniy daxlsizligini himoya qilishni, boshqa manfaatdor organlarni esa yordamga muhtoj ayollar va qizlarga yuqorida aytib o‘tilgan yordamning boshqa turlarini ko‘rsatishga imkon beradi. Ushbu muhim tadbirlarni amalga oshirish Jahon banki tomonidan shu hafta O‘zbekistonga taqdim etilgan moliyalashtirish hisobiga qo‘llab-quvvatlanadigan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tarkibiga kiritilgan. Bu hukumatga mamlakat bo‘ylab zo‘ravonlik va tazyiqdan jabrlangan ayollar va qizlar manfaati uchun yangi qonun tartiblarini amalga oshirishda yordam beradi.

Xotin-qizlar nodavlat tashkilotlarining yetakchilaridan biri Toshkentda global kampaniyani boshlash paytida nutqining oxirida aytgan so‘zlarni eslayman. “Yaqin 16 kun ichida biz gender asosidagi zo‘ravonlik masalasida jamoatchilikni xabardorligini faol ravishda oshiramiz. Ammo men barchani yilning qolgan 349 kunida ham O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik qurbonlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga chaqiraman. Ushbu ezgu ishda har birimiz o‘z shaxsiy hissamizni qo‘shishimiz mumkin!”

Marko Mantovanelli,

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar