O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023 yilda rivojlanishi

O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023 yilda rivojlanishi

2023 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot (YaIM) 6 foizga o‘sdi (2022 yilda – 5,7%).

Geopolitik keskinliklarning davom etishiga qaramasdan, asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda ham ijobiy trendlar kuzatildi. Xususan, Qirg‘izistonda iqtisodiyotning o‘sishi 2022 yilga qaraganda sekinlashishga qaramasdan, ancha yuqori bo‘lib, 6 foizni tashkil etdi. Qozog‘istonda esa YaIM o‘sishi 5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Xitoyda iqtisodiyot 5,2% o‘sdi. RF Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi baholariga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida mamlakat iqtisodiyoti 3,3 foizga o‘sgan, yil yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 4% atrofidani tashkil etishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda yil davomida narxlar o‘sishining sekinlashishi qayd etildi. Yil yakunlari bo‘yicha iste’mol narxlari indeksi 8,77% tashkil etdi (solishtirish uchun, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 12,25% bo‘lgan edi). Solishtirish uchun, Qozog‘istonda o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha inflyasiya 9,8%, Rossiyada 7,4% darajasida bo‘lgan. O‘tgan yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 9,7%, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari 7,7%, xizmatlar narxlari esa 8,7% o‘sdi.

2023 yilda investitsiyaviy faollik keskin oshdi va 2022 yildagi 0,2 foizga nisbatan 22,1 foizga o‘sdi. Bu natijaga markazlashmagan investitsiyalarning o‘sishi hisobiga erishildi. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 58,9 foizga o‘sdi (bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar deyarli 2 baravarga), tijorat banklari va qarz hisobiga amalga oshirilgan investitsiyalar 17,9 foizga, aholi mablag‘lari hisobiga kiritilgan investitsiyalar 8,9 foizga o‘sdi. Biroq, korxonalar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga kiritiladigan investitsiyalarning pasayishi kuzatilmoqda.

2023 yilda markazlashtirilgan investitsiyalar 0,7 foizga qisqardi. Xususan, byudjetdan investitsiyalarning kamayishi 11,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, hukumat kafolati asosida jalb etilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmlari 30 foizga oshdi.

Yil yakunlari bo‘yicha asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmida markazlashtirilgan investitsiyalarning ulushi pasayishda davom etdi hamda 2022 yildagi 15,7 foizdan 12,7 foizgacha kamaydi. Markazlashtirilmagan investitsiyalarning ulushi esa mos ravishda 84,3 foizdan 87,3 foizga oshdi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarish hajmlari o‘sishi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga o‘sdi (2022 yilda – 3,6 foiz). Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligida o‘sish 2,7 foizgacha (1,7%) va baliqchilikda 7,4 foizgacha (6,4%) tezlashdi.

Sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlari tezlashib, 6 foizga yetdi (2022 yilda 5,3%). Tarmoqlar kesimida tog‘-kon sanoati 1% (2022 yilda – 1,9%), ishlov berish sanoati 6,7% (5,4%), gaz, bug‘ va havoni konditsionerlash uchun elektr ta’minoti sektori 9,7% (13,5%), suv ta’minoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tarmoqlari 1% o‘sdi (2022 yilda 5,3% pasayishga qarshi o‘laroq).

Shu bilan birga, 2023 yilda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning o‘sishi 7,3 foizgacha sekinlashdi (2022 yilda – 20,7 foiz).

Yil yakunlari bo‘yicha qurilish sohasi 6,4 foizga o‘sdi, bu esa o‘tgan yildagi bilan deyarli bir xil – 6,6 foiz.

2023 yilda bozor xizmatlari hajmi 13,7% o‘sdi, xolbuki 2022 yilda bu ko‘rsatkich 16,3 foizni tashkil etgan. Barcha tarmoqlar bo‘yicha o‘sish qayd etilmoqda. Eng yuqori o‘sish sur’atlarini aloqa va axborotlashtirish xizmatlari – 24,6 foiz, ta’lim xizmatlari – 22,8 foiz, moliyaviy xizmatlar – 20,6 foiz, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar – 13,3 foiz, yashash va umumiy ovqatlanish xizmatlari – 12,6 foiz, sog‘liqni saqlash xizmatlari – 11,6 foiz, savdo xizmatlari – 10,2% namoyish etdi. Chakana tovar aylanmasi 9,1 foizga oshdi.

Transport sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 8 foizga o‘sdi. Yil yakunlari bo‘yicha yo‘lovchi aylanmasining o‘sish sur’atlari 4,2 foizgacha sekinlashdi, 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich 6,9 foizni tashkil etgan edi. Shu bilan birga, yuk aylanmasi dinamikasi 1,8 foizgacha tezlashdi (2022 yilda – 0,9 foiz).

Tashqi savdo ikki xonali ko‘rsatkichlarda o‘sishda davom etdi. Xususan, 2023 yilda tashqi savdo aylanmasi 23,9 foizga o‘sib, 62,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport esa 23,8 foizga oshib, 24,4 mlrd dollarni, import 24 foizga o‘sib, 38,1 mlrd dollarni tashkil etdi.

Eksport hajmining o‘sishi xorijga oltin yetkazib berishning qariyb 2 baravar, mashina va transport uskunalari eksportining 34 foiz, xizmatlar eksportining 16 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishning 9 foiz, tayyor mahsulotlar eksportining 8 foizga ko‘payishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, 2023 yilda O‘zbekiston mashina va transport uskunalari importini 54 foizga, yoqilg‘i-energetika tovarlari importini 47 foizga, tayyor mahsulotlar sotib olishni 12 foizga, kimyo mahsulotlari importini 11 foizga oshirdi.

***

Umuman olganda, 2023 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti ichki va tashqi tahdidlarga qaramasdan, barqarorlik va o‘sishning yuqori sur’atlarini namoyish etdi. O‘tgan yili investitsiyaviy faollikning ikki xonali dinamikasini qaytarishga, narxlar o‘sishini sekinlashtirishga erishildi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish o‘sdi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilda ham ijobiy dinamikani davom ettirishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda mamlakat YaIMining o‘sishi 5,6-5,8 foizni tashkil etadi.

Ruslan Abaturov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar