O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda charm-poyabzal sanoati 2026 yilning I yarim yilligida

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda charm-poyabzal sanoati 2026 yilning I yarim yilligida

2026 yilning I yarim yilligida charm-poyabzal sanoati tashqi bozordagi vaziyatning bir xil emasligi va jahon bozorida raqobatning kuchayishi sharoitida rivojlandi.

Bunday sharoitda tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va eksport yo‘nalishlarini kengaytirish tarmoq barqarorligining asosiy omillariga aylanmoqda. O‘z xomashyo bazasi va tarmoqni rivojlantirish salohiyati mavjudligini hisobga olganda, bu Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega.

Materialda Markaziy Osiyoning 4 ta mamlakatidagi vaziyat ko‘rib chiqilgan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas.

O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoati

2026 yilning I yarim yilligida O‘zbekistonda charm, charm buyumlari va poyabzal ishlab chiqarish yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Ishlab chiqarish hajmi 2,8 trln so‘mga (227 mln dollar) yetib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 16,9%ga o‘sdi. Taqqoslash uchun, bir yil avval o‘sish sur’ati 4,8%ni tashkil etgan.

Shu bilan birga, yarim yil davomida o‘sish sur’atlari sekinlashganini qayd etish lozim. Xususan, to‘rt oy yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarish o‘sishi 39,4%ni, besh oyda esa 44,3%ni tashkil etgan.

Tashqi savdo dinamikasi esa bir xil bo‘lmadi. 2026 yil yanvar–iyun oylarida charm-poyabzal sanoati mahsulotlari eksporti (TIF TNning 41–43 va 64-guruhlari bo‘yicha) 31,5 mln dollarni tashkil etib, 6,1%ga qisqardi. Shu bilan birga, bevosita poyabzal eksporti yuqori sur’atda o‘sdi — 1,7 barobarga, ya’ni 2025 yilning I yarim yilligidagi 7,4 mln dollardan 12,4 mln dollarga yetdi.

Natijada poyabzalning charm-poyabzal mahsulotlari umumiy eksportidagi ulushi 22%dan 39%ga oshdi. Demak, tarmoq eksportining umumiy hajmi qisqarganiga qaramay, uning tarkibi yuqori qayta ishlash darajasiga ega tayyor mahsulotlar foydasiga yaxshilandi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishning o‘sishi va eksportning 6,1%ga qisqarishi o‘rtasidagi farq ishlab chiqarish hajmining kengayishi ko‘p jihatdan ichki bozorga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Buni import statistikasi ham tasdiqlaydi: charm-poyabzal mahsulotlari importi 3%ga qisqarib, 33 mln dollarni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida charm-poyabzal sanoati

2026 yilning I yarim yilligida mintaqada ishlab chiqarishning eng yuqori o‘sish sur’atlari Qozog‘istonda qayd etildi. Charm, charm buyumlari va poyabzal ishlab chiqarish hajmi 30,1%ga o‘sdi. Taqqoslash uchun, 2025 yilning I yarim yilligida ishlab chiqarish 11,4%ga qisqargan edi. Shu tariqa, Qozog‘istonda pasayishdan ishlab chiqarishning faol tiklanishiga o‘tish kuzatildi.

Shu bilan birga, tashqi talab ancha sekin o‘sdi. Yanvar–may oylarida charm-poyabzal mahsulotlari eksporti atigi 1,3%ga oshib, 26 mln dollarni tashkil etdi. Poyabzal eksporti 10,6%ga o‘sib, 17 mln dollarga yetdi. Uning hissasiga jami eksportning qariyb uchdan ikki qismi to‘g‘ri keladi.

Qozog‘istonda charm-poyabzal mahsulotlari importi 2026 yilning besh oyida 33%ga qisqarib, 154 mln dollarni, jumladan, poyabzal importi 25%ga kamayib, 100 mln dollarni tashkil etdi.

Qirg‘izistonda vaziyat ancha sust bo‘ldi. I yarim yillikda ishlab chiqarish 12,4%ga qisqardi. Ishlab chiqarishdagi pasayish eksportning kamayishi bilan birga kechdi. Yanvar–may oylarida mahsulot yetkazib berish 25,8%ga qisqarib, 8,7 mln dollarni tashkil etdi. Bevosita poyabzal eksporti esa qariyb ikki barobar — 50,2%ga kamayib, 3,7 mln dollarga tushdi.

Charm-poyabzal mahsulotlari importi ham o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada — 65%ga qisqarib, 35 mln dollarni tashkil etdi. Bunday keskin o‘zgarishlar Qirg‘iziston orqali o‘tadigan tranzit va reeksport oqimlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tojikistonda ham ishlab chiqarish dinamikasi salbiy bo‘ldi. Yanvar–iyun oylarida ishlab chiqarish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,1%ga qisqardi.

Umuman, mintaqadagi vaziyat bir xil emas. O‘zbekiston va Qozog‘iston charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirmoqda, Qirg‘iziston va Tojikistonda esa pasayish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston tayyor poyabzal eksportining eng yuqori o‘sish sur’atlari bilan ajralib turibdi.

Tashqi bozorlardagi vaziyat

2026 yilning I yarim yilligida jahon charm-poyabzal sanoati yuqori raqobat, ayrim bozorlarda talabning cheklanganligi va yirik ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda turlicha dinamika sharoitida rivojlandi.

Dunyodagi eng yirik poyabzal ishlab chiqaruvchi va eksportchi mamlakat — Xitoyda tashqi yetkazib berish hajmi qisqardi. Charm-poyabzal mahsulotlari eksporti 5,2%ga kamayib, 40 mlrd dollarni tashkil etdi. Poyabzal eksporti esa 7,3%ga qisqarib, 22 mlrd dollarga tushdi.

Vetnam, aksincha, ishlab chiqarishni oshirishda davom etdi. Yanvar–iyun oylarida charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish qariyb 4%ga o‘sdi.

Turkiyada charm-poyabzal sanoatida murakkab vaziyat saqlanib qoldi. May oyida ushbu tarmoqda ishlab chiqarish 2025 yil mayiga nisbatan qariyb 6%ga past bo‘ldi. Yanvar–iyun oylarida mahsulot eksporti 8%ga qisqarib, 829 mln dollarni tashkil etdi. Poyabzal eksporti yanada ko‘proq — 13,2%ga kamayib, 462 mln dollarga tushdi.

Rossiyada o‘tgan yildagi sust dinamikadan so‘ng 2026 yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish bosqichma-bosqich tiklana boshladi. Yarim yil yakunlariga ko‘ra, charm-poyabzal sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi amalda o‘tgan yil darajasida saqlanib, o‘sish 0,4%ni tashkil etdi. Iyun oyiga kelib esa dinamika sezilarli yaxshilandi.

Shu tariqa, yirik ishlab chiqaruvchilar orasida ko‘rib chiqilayotgan davrda eng barqaror ijobiy ishlab chiqarish dinamikasini Vetnam saqlab qoldi, Xitoy va Turkiyada esa eksport yetkazib berish hajmi qisqardi. Bundan tashqari, Xitoyning Markaziy Osiyoga eksporti 20%ga kamayib, 1,5 mlrd dollarni, Turkiyaning yetkazib berish hajmi esa 4%ga qisqarib, 50 mln dollarni tashkil etdi.

Yirik eksportchilar dinamikasining zaiflashishi nazariy jihatdan Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari uchun mintaqaviy bozorda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Biroq ishlab chiqarish va eksport ko‘lamlari o‘rtasidagi farq hozircha sezilarli bo‘lib qolmoqda.

Xulosa

2026 yilning I yarim yilligida mintaqada eng yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari Qozog‘iston va O‘zbekistonda qayd etildi. Qirg‘iziston va Tojikistonda, aksincha, pasayish kuzatildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston poyabzal eksportining yuqori o‘sish sur’atlari bilan ajralib turibdi. Bu mamlakatning Markaziy Osiyo charm-poyabzal sanoati markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratadi.

I yarim yillik natijalari O‘zbekiston va mintaqada charm-poyabzal sanoatining keyingi rivojlanishi ko‘p jihatdan xomashyo va oraliq mahsulotlar ishlab chiqarishdan to‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish hamda raqobatbardosh tayyor poyabzal ishlab chiqarishni kengaytirishga o‘tish qobiliyatiga bog‘liq bo‘lishini ko‘rsatadi.

Umuman, o‘z chorvachilik va xomashyo bazasiga ega Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun charm va poyabzal ishlab chiqarishni izchil rivojlantirish mintaqa ichida to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, tayyor mahsulot importiga qaramlikni kamaytirish va milliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Ruslan Abaturov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar