O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining rivojlanishi

O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining rivojlanishi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ldi, deb yozadi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Muhammadjon Babadjanov.

Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi rivojlanishini shartli ravishda 2 bosqichga bo‘lish mumkin, bunda birinchi bosqich 1991 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrni, ikkinchi bosqich esa 2017 yildan hozirgi kungacha davrni o‘z ichiga oladi.

Birinchi bosqichda davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasi ko‘p jihatdan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining talablariga javob bermas edi, sohada yuqori darajadagi byurokratiya saqlanib turdi va umuman olganda mazkur holatlar aholining davlat boshqaruvi tizimiga bo‘lgan ishonchining oshishiga hissa qo‘shmadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasi rivojlanishining ikkinchi bosqichida esa amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ulkan o‘zgarishlar yuz berdi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning butun tizimi takomillashtirildi, idoralararo elektron hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yildi, ortiqcha byurokratik taomillar va hujjatlar talab qilish holatlari keskin kamaytirildi.

2017 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (respublika bo‘ylab 205 ta davlat xizmatlari markazlari va 115 ta chekka hududlardagi filiallar) faoliyat ko‘rsata boshladi, bunga qadar esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha yagona davlat organi tashkil qilinmagan edi.

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan kundan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarga barham berish, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga kirishdi.

Xususan, agar 1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda 16 turdagi davlat xizmatlari faqat tadbirkorlik sub’yektlari uchun ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2017 yildan 2020 yilgacha davrda yuridik va jismoniy shaxslarning 157 turdagi davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratildi, ya’ni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari 10 barobarga oshirildi, bu esa “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni jadal sur’atlar bilan oshib borayotganligini bildiradi.

1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davr bilan taqqoslaganda, mazkur davrda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 167 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda ular ikki marta kamaytirildi va ularning soni 79 tani tashkil etdi.

Foydalanuvchilarning davlat xizmatlaridan qoniqishiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim omillardan biri bu xizmatni ko‘rsatishga ketadigan vaqt hisoblanadi. 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrni oldingi davr bilan taqqoslaganda, davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari 45 foizga qisqartirilganini ko‘rishimiz mumkin.

Shu bilan birga, ayni paytda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 279 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan (shundan 70 tasi avtomatik rejimda, 209 tasi esa yarim avtomatik rejimda). 2021 yilning birinchi yarmida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2,3 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilib, foydalanuvchilarning 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilishga erishildi.

Shu bilan birga, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat idoralariga murojaat qilayotgan aholi va tadbirkorlik sub’yektlari sonining oshib borishi davlat xizmatlari sifatini monitoring qilish va baholashning samarali tizimini, shu jumladan real vaqt rejimida masofaviy monitoring orqali hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali joriy etishni talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining farmoyishiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning Akseleratoriga aholining davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini o‘lchash bo‘yicha tizimni shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Topshiriqni o‘z vaqtida va samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida Akselerator tomonidan vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat guruh tuzilib, xorijiy davlatlar – Kanada, Rossiya, Qozog‘iston va Birlashgan Arab Amirliklari tajribasini o‘rganildi.

O‘rganilgan xorijiy tajriba asosida Akcyelerator tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini baholash imkonini beradigan interaktiv portal ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Fuqarolar www.baho.gov.uz portali orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatiga o‘z bahosini qoldirishlari mumkin.

Fuqarolar ushbu portal orqali baholanayotgan davlat organi joylashgan hududda o‘rnatilgan maxsus QR-koddan foydalangan holda 5 ta mezon asosida davlat xizmati sifati haqida o‘z baholarini (1 dan 5 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha) qoldirishlari mumkin:

- muddatlarga amal qilish;

- xodimlarning malakasi;

- odob-axloq qoidalariga rioya qilish;

- adolatli yondashuv;

- murojaat qilish uchun shart-sharoitlarning mavjudligi.

Fuqarolar tomonidan berilgan baho baholanayotgan davlat organining umumiy reytingiga ta’sir qiladi. Davlat idorasiga berilgan baholar qanchalik ko‘p bo‘lsa, uni baholash natijalari shunchalik ob’yektiv bo‘ladi.

Foydalanuvchilar tomonidan berilayotgan baholar platformada onlayn tarzda aks etadi. Istalgan shaxs ma’lum bir davlat organi reytingini kuzatishi mumkin.

Bu esa mazkur platforma uchun jamoatchilik nazoratining samarali vositasi bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi. Reytingning pasayishi - baholanyotgan davlat idorasi xodimlari va rahbariyati uchun salbiy ogoxlantirish bo‘lib hisoblanadi.

O‘z navbatida, reytingi pasayotgan davlat idoralari mazkur idoradagi mavjud muammolarni hal qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Bugungi kunga kelib, Toshkent shahrida 223 ta muassasaga maxsus QR-kodlar o‘rnatilgan va test rejimida portalga ulangan. Xususan, fuqarolar davlat xizmatlari sifati haqida baholarni quyidagi manzillarda qoldirishlari mumkin:

- Ichki ishlar vazirligining 44 ta muassasalari;

- Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi 167 ta muassasalar (respublika darajasidagi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oilaviy poliklinikalar va shifoxonalar);

- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ning 12 ta filiallari.

Joriy yilning 19 oktyabr holatiga ko‘ra, portaldagi baholarning umumiy soni 3910 tani tashkil etdi, shundan 3205 tasi ijobiy, 705 tasi salbiy, o‘rtacha reyting esa - 4,3.

Ayni paytda portal faoliyatini aholi va jamoatchilik o‘rtasida ommalashtirish, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini baholash jarayoniga aholini yanada kengroq jalb etish, shuningdek, portal faoliyatini respublikaning boshqa barcha vazirliklari va idoralari faoliyatida joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Umid qilamizki, mazkur platforma davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini baholash sohasida jamoatchilik monitoringi uchun samarali vositaga aylanadi.

Muhammad Bobojonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar