Ishchi guruhiga Prezident maslahatchisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligida Xalq qabulxonasi xodimlari, vazirlik va idoralar mas’ullari jalb etildi.
Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarga yechim topish, ular asosida ommaviy qabullarni tashkil etish, tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish kabi masalalar guruh faoliyatining e’tibor markazida bo‘ldi.
O‘tgan bir oy davomida Xalq qabulxonalari boshchiligida viloyat, tuman, shahar sektorlari bilan 68 ta sayyor qabul tashkil etildi. Qabullarda 875 nafar fuqaro tomonidan 905 ta masala ko‘tarildi. Murojaatlarning 425 tasi joyida hal etildi, 333 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, qolgan 147 ta masala ijrosi nazoratga olindi.
Kelib tushgan murojaatlar “mahallabay” tarzida tahlili etilib, ularning yechimi bo‘yicha kerakli choralar ko‘rildi.
Misol uchun, Ko‘kdala tumani “Umakay” mahallasida yashovchi O.Ashurovning mazkur hududdagi 34-sonli umumta’lim maktabiga ishga joylashish yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal qilindi. Qabullar natijasi bo‘yicha jami 105 nafar ishsiz fuqarolar ishga joylashtirildi.
Kasbi tumani “Yuksalish” mahallasida yashovchi L.Raxmatovaning ta’lim krediti olishni so‘rab qilgan murojaati hal etilib, fuqaroga “Mikrokerdit” bank tomonidan kredit ajratilishi ta’minlandi. Jami 100 nafardan ziyod fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, kelib tushgan murojaatlar asosida ichki yo‘llarning 2 km qismiga shag‘al yotqazildi, 1,5 km piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 1 ta transformator o‘rnatildi va 1 tasi joriy tamirlandi, 20 ta yangi temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 3 km ichimlik suv tarmog‘i tortildi.
Qabullar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Kasbi tumani “Obod Nekuz”, Qarshi tumani “Quyi beshkent”, G‘uzor tumani “Jonbuloq”, Koson tumani “Chiroqchi” mahallalari aholisi uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Unda 1 160 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, 355 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 27 nafar bemorlarga tuman, shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun, 2 nafar bemorga yuqori texnologiyali operatsiyaga yo‘llanma berildi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida “Obod xonadon-obod ko‘cha-obod mahalla” mezonlari asosida qurilish ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, Koson tumanidagi “Chiroqchi”, G‘uzor tumanidagi “Jonbuloq”, Qarshi tumanidagi “Quyi Bishkent” hamda Kasbi tumanidagi “Obod Neko‘z” mahallalari tanlab olingan mahalladagi 3 230 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Jami 749 ta xonadonda “Obod xonadon” mezonini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 40 ta xonadon uylari joriy ta’mirlandi, 42 ta xonadon tashqi devorlari ta’mirlandi va oqlandi, 19 ta xonadonning tom qismi ta’mirlandi, 43 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazildi, 66 ta xonadon ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi, 119 ta xonadonda tomorqadan samarali foydalanish choralari ko‘rildi.
“Obod ko‘cha” bo‘yicha 71 ta ko‘chada ishlar tashkil etilgan. Xususan, 7,6 km elektr tarmog‘i tortildi hamda 40 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi. 12,4 km ichki yo‘llarda shag‘allashtirildi. 9 ta ichimlik suvi nasoslari yangisiga almashtirildi, tizimdagi nosozliklar bartaraf etildi. Jami 5 ta ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari, tom qismida ta’mirlash ishlari olib borildi.
Ishlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish