Respublika ishchi guruhining Sardoba tumanidagi faoliyati qanday natijalar berdi?

Respublika ishchi guruhining Sardoba tumanidagi faoliyati qanday natijalar berdi?

Hududdagi 15 ta mahallada 9 mingdan ziyod xonadondagi muammolar, ijtimoiy soha ob’yektlari xatlovdan o‘tkazildi. Mazkur amaliy ishlar orqali tuman infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim va sog‘liqni saqlash hamda aholi bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, tumanda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 6 ta yangi transformator, 87 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 2,9 km elektr tarmog‘i yangidan tortildi, 7 ta transformator, 3,2 km yuqori va o‘rta kuchlanishli elektr tarmog‘i ta’mirlandi.

Respublika ishchi guruhi tomnidan o‘rganishlar davomida aniqlangan nosoz ko‘chalar endilikda tartibga keltirildi. Deyarli 15 km ichki yo‘llar ta’mirlandi. Shundan, 3,3 km yo‘lga sement-beton qoplama, 2,3 km.ga asfalt qilindi hamda 9,2 km yo‘lga qum-shag‘al yotqizildi.

O‘rganishlar davomida 243 ta iste’molchining gaz jihozlari ta’mirlandi, 40 ta gaz taqsimlash punkti va 4 024 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Aholi bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish masalalari ham ishchi guruh a’zolari e’tibori markazida bo‘ldi. Hududda yashovchi 161 nafar fuqaroning bandligini ta’minlandi. Undan tashqari, 27 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 32 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi va 88 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi.

“Ayollar daftari” ro‘yxatidan joy olgan sardobalik 50 nafar xotin-qizlar uchun tumandagi “Oqsaroy tekstil” to‘qimachilik korxonasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbir davomida ularga fabrikadagi shart sharoitlar atroflicha tanishtirildi. 26 nafar xotin-qizlar ushbu fabrikada mehnat qilish istagini bildirdi.

Noturar joylarda istiqomat qilib kelgan, oilasida nogironligi bor fuqarolarning 29 nafariga 5 yillik ijara shartnomasi asosida ijtimoiy uy-joylarning kalitlari topshirildi.

“Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 17 nafar talaba yoshlarning 42 mln. so‘mlik shartnoma pullari, 2 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi xizmat badali to‘lovi va 1 nafarini haydovchilik o‘quv kurslari xarajatlari to‘lab berildi.

Sardoba tumanida o‘rganishlarni olib borgan Respublika ishchi guruhi a’zolari ta’lim maskanlarida sharoitlar bilan ham yaqindan tanishishdi. Tumandagi 3-, 10- va 22-sonli umumta’lim maktablariga 15 kv quvvatiga ega bo‘lgan jami 240 mln. so‘mlik zamonaviy quyosh panellari olib kelindi. Qator ta’lim maskanlariga 1.7 mlrd so‘mlik zamonaviy elektron doskalar, kompyuter jamlanmalari va sensorli monitorlar topshirildi. O‘n bitta maktabga 300 dona badiiy adabiyotlar to‘plami, sport anjomlari yetkazib berildi.

Shu bilan birga Respublika ishchi guruhi tomonidan axolining salomatligini muhofaza qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2 701 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 174 nafari viloyat va tuman shifoxonalarga yotqizildi, 4 nafari respublikadan jalb etilgan mutaxassislar tomonidan yuqori texnologik operatsiya qilindi, 84 nafariga davolanish uchun imtiyozli order berilib, 202 nafar fuqarolar bepul dori vositalari bilan ta’minlandi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan hududdagi 97 nafar kam ta’minlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va issiq kiyimlar berildi. Mahallalarda ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etilib, aholiga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ko‘mir sotilishi tashkil qilindi.

Ishchi guruhining Sardoba tumanidagi o‘rganishlari bu gal ham ana shunday samarali bo‘ldi. Eng muximi, insonlarning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlandi. Zero, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida ham yagona maqsad – inson va uning manfaatlari mujassam.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar