Rossiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalari O‘zbekistonning mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarga jalb etiladi

Rossiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalari O‘zbekistonning mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarga jalb etiladi

Joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov O‘zbekistonda o‘z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va Muxtor Elchisi V.Tyurdenev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki davlat Rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanayotgani ta’kidlandi. Shu o‘rinda ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish masalalariga katta ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda Rossiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarga jalb etish istiqbollari qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirdi. Xususan, ikki davlat hududlari orqali to‘siqsiz yuk tashishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, savdo hajmini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish maqsadida bojxona tartibga solishni soddalashtirishning istiqbolli mexanizmlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rossiya tomoni joriy yilning 14-16 mart kunlari hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifiga yuqori baho berdi. Ta’kidlanganidek, tashrif iqtisodiy kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yondashuvlarni birxillashtirish, oliy darajada ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning joriy holatini muhokama qilish hamda barcha ustuvor sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilash imkonini berdi.

Tomonlar, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi bilan har ikki mamlakat mutaxassislari uchun o‘quv kurslari tashkil etish hamda o‘rta va oliy ta’lim sohasida tajriba almashishni nazarda tutgan holda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni V.Tyurdenevga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangani munosabati bilan muborakbod etdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar