O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, shu jumladan, yirik korxonalarni transformatsiya qilish, hududlarning “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida soha va tarmoqlarda iqtisodiy faollik oshib bormoqda.
Xususan, joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot hajmi 6 foizdan ziyod o‘sishi kutilmoqda. Bunda tadbirkorlik faol qo‘llab-quvvatlanishi va qish mavsumida barqaror energiya resurslari bilan ta’minlanishi hisobiga sanoat o‘sishi qariyb 10 foizga, eksport hajmi 3,5 milliard dollarga yetishi muhim omil bo‘lmoqda.
Tashqi bozorda raqobat kuchayib borayotgan sharoitni inobatga olgan holda, 2024 yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning asosiy jarayonlarini yakunlab, iqtisodiyotni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, korxonalarning moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini oshirish talab etilmoqda.
Shu bois yig‘ilishda yirik davlat korxonalarining xarajatlarini maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash borasida qilinayotgan ishlar natijadorligi atroflicha ko‘rib chiqildi. Dunyo bozoridagi murakkab sharoitda eksport tushumlarini oshirish, korxonalarning to‘lov qobiliyatini mustahkamlash, debitor qarzdorligini kamaytirish, xarajatlar asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Alohida e’tibor tarmoq va hududlarning eksport imkoniyatlarini to‘la ishga solish masalalariga qaratildi. Buning uchun tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishda qulay ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratib berish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari ichki bozorda narx-navo barqarorligi masalasiga alohida to‘xtalib, kundalik iste’mol tovarlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, korxonalarning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hududlardagi sanoat zonalari hamda kooperatsiya imkoniyatlaridan keng foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash kerakligi qayd etildi. Asosiy e’tiborni qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish