Samariddin Elmirzayev: Iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati juda muhim

Samariddin Elmirzayev: Iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati juda muhim

Mamlakatimizda hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirish orqali aholi bandligi va daromadliligini ta’minlash hamda turmush farovonligini oshirish masalasiga strategik yo‘nalish sifatida e’tibor qaratilib, so‘nggi yillarda izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng jamoatchilik muhokamalari asosida qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida uchinchi ustuvor yo‘nalish “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”, deya nomlangan holda viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish alohida 3.5-yo‘nalish sifatida belgilanganligi ham bejiz emas. Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yildan har bir hududni kompleks rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Bu borada quyida atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadidagi hududlarga tashriflarida birinchi navbatda hududlar iqtisodiyotidagi o‘sish nuqtalarini belgilash va shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashriflari davomida Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarini qurilish materiallari, Qiziriqni yengil sanoat, Oltinsoyni oziq-ovqat, Angorni charm, Bandixon va Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, klasterlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasi tashkil etilishi, Oltinsoy, Uzun, Bandixon, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Termiz va Sariosiyo tumanlarida zaytun plantatsiyalari, Sherobod, Muzrabot va Qiziriqda anorzorlar barpo etilishi alohida belgilab berilganligini alohida qayd etishimiz mumkin[1].

Bizga ma’lumki, zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasiz hududlar taraqqiyoti imkonsiz. Shundan kelib chiqqan holda 2018 yilda boshlangan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash orqali hududlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Birgina 2021 yilda barcha tuman va shahardagi jami 7 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta’minlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishning belgilanganligi shubhasiz yaqin istiqboldagi taraqqiyotga ham xizmat qiladi. Bunda 2021 yil davomida moliyalashtirish manbalari va yo‘nalishlari quyidagicha (1-rasm).

1-rasm. 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta’minlash chora-tadbirlari uchun qamrab olingan qishloq (mahalla) soni va moliyalashtirish[2]

Hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanishni rag‘batlantirish va daxldorlikni kuchaytirish maqsadida mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlashga qaratilgan mahalliy davlat organlari vakolatlari kengaytirib kelinmoqda.

Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish hisobiga qo‘shimcha soliq tushumlariga erishish, hududlarni subvensiyadan chiqarish va umumdavlat soliqlarini mahalliy byudjetlarda qoldirish va hokazolar bevosita mahalliy byudjetlar daromadlarining oshishiga, bu esa o‘z navbatida hududlarda turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada 2018 yildayoq barcha mahalliy byudjetlar subvensiyadan to‘liq chiqarildi va bugungi kunda tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar qo‘llanilmoqda (1-jadval).

1-jadval. 2021 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlari, xarajatlari va tartibga soluvchi byudjetlari transfertlari, milliard so‘mda[3]

Hududlar

Daromadlar*

Xarajatlar**

Tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar

1

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

1614,2

2915,6

1301,4

2

Andijon viloyati

2352,2

3228,8

876,7

3

Buxoro viloyati

1935,4

2375,4

440,0

4

Jizzax viloyati

1212,9

1702,9

490,0

5

Qashqadaryo viloyati

2570,3

4147,6

1577,3

6

Navoiy viloyati

1535,8

1535,8

7

Namangan viloyati

1970,6

3254,5

1284,0

8

Samarqand viloyati

2657,0

3759,7

1102,7

9

Surxondaryo viloyati

1754,7

3048,3

1293,6

10

Sirdaryo viloyati

745,7

1279,9

534,2

11

Toshkent viloyati

3009,8

3009,8

12

Farg‘ona viloyati

2904,9

3815,0

910,1

13

Xorazm viloyati

1442,7

2075,6

632,9

14

Toshkent shahri

4068,6

4068,6

Jami

29774,7

40217,6

10443,0

Jahon iqtisodiyotidagi ilg‘or tajribalarga ko‘ra hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 20 tasi 2016 yildan keyin tashkil etildi. Bunda umumiy erkin iqtisodiy zonalardan tashqari alohida sohalar, jumladan turizm, farmatsevtika kabi muhim sohalarda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligini alohida qayd etib o‘tish zarur.

Faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari faoliyatini umumiy tartibga solish nuqtai nazaridan 2020 yil 17 fevralda O‘zbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. 2016 yil 26 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PF-4853-sonli farmoni asosida barcha erkin iqtisodiy zonalar maqomi, imtiyozlari tenglashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida» 2017 yil 3 maydagi PF-5032-son Farmoni bilan farmatsevtikaga ixtisoslashgan va sohani rivojlantirishga qaratilgan 7 ta erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi. Umuman 2016 yildan buyon erkin iqtisodiy zonalar faoliyatiga doir 10 dan farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, tumanlarni ham kompleks iqtisodiy rivojlantirish maqsadida bugungi kunga qadar 348 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Natijada erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 36 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion so‘mlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlangan[4].

Respublikamizdagi har bir hudud o‘ziga xos turistik imkoniyatlarga ega va bu jihat xalqaro keng jamoatchilik tomonidan ham muntazam e’tirof etilib kelinmoqda. Mavjud yuqori turizm imkoniyatlari va undan har tomonlama samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2016 yil 2 dekabrdagi PF-4861-sonli, «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 3 fevraldagi PF-5326-sonli, «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2019 yil 5 yanvardagi PF-5611-sonli, “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021 yil 9 fevraldagi PF-6165-sonli “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021 yil 6 apreldagi PF–6199-sonli Farmonlari, shuningdek «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3509-sonli, «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 7 fevraldagi PQ-3514-son qarorlari qabul qilindi.

2016 yil 2 dekabr oyida turizm sohasini har tomonlama rivojlantirishga mas’ul O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Turizm industriyasi mehmonxona biznesini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Respublikada turizm va sport sohalarini yanada rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligidan kelib chiqqan holda 2021 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tashkil etildi.

2016 yildanoq mamlakatimizda turizm sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilandi. Qabul qilingan farmon va qarorlar asosida sohadagi imkoniyatlar kengaytirildi. “Fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi”[5]. Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimiz turizm salohiyatidan samarali foydalanish, milliy madaniy merosni milliy va xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish, ziyorat turizmi, ekologik turizm, gastronomik turizmni hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. 2021 yilda hududlar miqyosida turizm infratuzilmasi dasturi uchun ajratilgan mablag‘lar quyidagicha (2-rasm).

2-rasm. 2021 yilda turizm infratuzilmasi dasturi uchun hududlar kesimida ajratilgan mablag‘lar, mlrd so‘mda[6]

Faqatgina davlat byudjeti mablag‘lari yoki bank kreditlari hisobidan moliyalashtirish orqali hududlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini moliyalashtirish asosida mintaqalar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish imkonsiz. Bu borada xususiy sektorning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, davlat va xususiy sektor hamkorligi (sherikligi) asosida loyihalarni amalga oshirish ham oldimizdagi strategik vazifalar ijrosida muhim o‘ringa ega. Ayni imkoniyatlardan foydalangan holda energetika, kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi, ta’lim, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda hududlar kesimida qariyb 2,2 milliard AQSh dollariga teng qator loyihalar amalga oshirilmoqda (2-jadval).

2-jadval. Mamlakatimizda davlat-xususiy sherikligi shartnomasi imzolangan va amalga oshirilayotgan loyihalar tahlili (31.12.2020 yil holatiga)[7]

Loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan tarmoqlar

Loyihalar soni (dona)

Loyihalarning

o‘rtacha davomiyligi (yil)

Loyihalar uchun

talab etiladigan

investitsiyalar

miqdori(mln. AQSh dollarida)

Loyihalarda asosiy tashabbuskor

Loyihalar amalga oshirilayotgan hudud

Energetika

5

25

2170

Davlat tashabbusi

Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent viloyati

Kommunal xizmatlar

2

10

1,4

Davlat tashabbusi

Xorazm viloyati

Sog‘liqni saqlash

11

15

4,7

Xususiy tashabbus

Toshkent shahri, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Jizzax, Surxondaryo

Suv xo‘jaligi

2

15

6,1

Xususiy tashabbus

Sirdaryo va Toshkent viloyati

Ta’lim

1

24

1

Xususiy tashabbus

Butun respublika

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish

5

10

11,05

Davlat tashabbusi

Namangan, Farg‘ona, Buxoro

Jami

26

X

2194,25

X

x

Tahlillardan ayon bo‘lmoqdaki, energetika sohasida Navoiy, Sirdaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar istiqbolda hududlarning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Chunki energetika sohasi rivojisiz nafaqat ijtimoiy soha, balki biznes taraqqiyotini ham tasavvur qilishning o‘zi murakkab. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari ahamiyati borasida yuqoridagi fikrlarni takrorlash mumkin.

Umumiy holda xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, mintaqalar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish borasidagi hukumatimizning kompleks yondashuvi allaqachon o‘zining natijalarini berish bilan birga istiqbolda jadal sur’atlardagi taraqqiyotimizga ham xizmat qiladi. Bunda eng asosiysi integratsiyalashgan va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot orqali aholi turmush farovonligi yuksalib borishi uzviy ravishda ta’minlanadi.

Samariddin ELMIRZAYeV

Toshkent moliya instituti kafedra mudiri,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

[1]https://president.uz/uz/lists/view/4397

[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 2 apreldagi PQ-5048 sonli qarori asosida tayyorlandi

[3]https://www.mf.uz/media/file/state-budget/2021/fuk_uchun/Budjet_21_uz.pdf

[4] B.To‘razoda. Erkin iqtisodiy zonalar – taraqqiyot tayanchi. https://parliament.gov.uz/uz/events/opinion/34365/ 2021 yil 28 aprel.

[5] D.Mamadjanova. Turizm infratuzilmasi yanada rivojlanadi. https://parliament.gov.uz/uz/events/opinion/34213/ 2021 yil 13 aprel

[6] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 2 apreldagi PQ-5048 sonli qarori asosida tayyorlandi

[7] O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi rasmiy sayti ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tuzildi (https://pppd.uz/projects-custom).

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar