Samarqand davlat tibbiyot universiteti to‘liq raqamlashtirildi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti to‘liq raqamlashtirildi

Bugun universitetda ichki hujjatlar, kutubxona ishi, talabalar yotoqxona bilan ta’minlash elektiron portal orqali bajarilmoqda. Universitetning raqamli ta’lim texnologiyalar markazi rahbari Laziz Shukurov bunga qanday erishganini quyidagicha izohlaydi:

- Universitetimizda elektiron hujjatlar almashinuvi yildan-yilga takomilashtirib, me’yoriga yetkazildi. Bugun ta’lim dargohimizda rahbar oldiga hech qanaqa hujjat olib kirilmaydi. Hamma hujjatlar elektiron tarzda yuboriladi. Buni o‘zimiz ishlab chiqdik. Bunday tartibda ishlashni Respublikamiz oliy ta’lim muassalari orasida birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘ydik. Masalan, talabnoma, bildirishnoma, buyruq, ariza yoki boshqa hujjatlar rahbarga elektiron tarzda yuboriladi. Rektor hujjatlarni xohlasa, o‘zi ko‘radi yoki biron mas’ul shaxsga ijrosini bajarishni yuklaydi. Mas’ul shaxsning profilida o‘sha yuborilgan hujjat ko‘rinadi, kim tomonidan yuborilgani va qancha muddatda bajarilishi ko‘rsatiladi.

Talabalar yotoqxonaga qanday joylashtiriladi?

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish masalasi avval dekanat, dekan o‘rinbosari, o‘qituvchi tyutor- hamma birdek ishlardi. Hozir esa bizda talabalar turar joyini muvofiqlashtirish bo‘limi bor. Bu bo‘limda bir kishining o‘zi talabalarnig borcha hujjatlarini elektron tizim orqali qabul qiladi.

Portalimizni hozirgi interfaol hukumat orqali bo‘lgan my.gov bilan integratsiya qilganmiz. Buning uchun Davlat personallashtirish markazidan shaxsga tegishli ma’lumotlarni olish uchun sertifikat olganmiz. O‘sha sertifikat bo‘yicha ro‘yxat asosida bizga tegishli fuqorolarning yashash joyi, oilaviy sharoiti haqida ma’lumotni elektron tarzda olamiz, ehtiyoji yuqori bo‘lganlarni saralashga yordam beradi. Masalan, talaba yotoqxonaga jaylashish uchun onlayin ariza topshiradi. Talaba kam ta’minlanganmi, “Yoshlar” daftariga kirganmi, uzoq viloyatdanmi, portalning o‘zi saralab beradi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonlik talabalar nechanchi kurs bo‘lishidan qat’i nazar, yotoqxona bilan ta’minlanadi.

Bu tizimning afzalligi shundaki, talaba hujjat ko‘tarib kelib navbatda turmaydi. Talabaning arizasi ko‘rib chiqilgach, unga yotoqxonaga qabul qilingani yoki qabul qilinmagani haqida sms tarzda xabar beriladi. Nima uchun qabul qilinmagani haqida xabarda izoh beriladi. Masalan, ba’zilar “oilamda otam nogiron”, degan punktini tanlaydi, lekin asosli hujjat yuklamaydi. Bunday talabaga asosli hujjat yuborishi uchun yana bir imkoniyat beriladi. Agar u otasining nogironligi haqidagi qo‘shimcha hujjatni yuklasa, uning yotoqxonadan joy beriladi.

Universitet rektorining o‘zi ham ushbu tizimga yuborilgan arizalar va ularga berilgan javoblarni kuzata oladi. Integratsiya orqali talabaning ma’lumotini olish va adolatli tarzda ularning turarjoy bilan taminlash tizimini ham respulikada birinchi bo‘lib joriy etdik.

Kitoblarga elektron buyurtma berish mumkin

Yaqinda yana bir yangi loyihaga qo‘l urdik. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida universitet kutubxonasidagi kitoblarga elektiron buyurtma berishni yo‘lga qo‘ydik. Talaba bevosita saytimizga kirib, qaysi kitob kutubxonada mavjudligini ko‘radi, buyurtma beradi va o‘sha kitobni kutubxona ushlab turadi. Talaba kelib, o‘zining loginini aytadi va kitobni olib ketadi. Ilmiy bo‘limdagi kitoblarni uzoq muddatga olish mimkin. Boshqa kitoblar ikki-uch kunga yoki bir oyga beriladi.

Talabadan “Hujjat qani?”, “Pasportingni ber”, “Talabalik guvohnomang bormi?”, “Bizda talabamisan?” degan savollar so‘ralmaydi. Loginni aytadi, login kiritilgach, talabaning barcha ma’lumotlari chiqadi. Har bir talabaning olgan, bergan kitoblari ham elektiron tarzda hisoblab boriladi. Kutubxonada nechta kitob bor, qanchasi talabalar qo‘lida, qanchasi qaytarilgan-hammasining hisoboti ko‘rinib turadi.

Agar talaba berilgan vaqtda kitobni keltirmasa, tizim avtomatik ravishda belgilangan muddatni hisoblab, kitob keltirmaganini ko‘rsatadi.

Mobil ilovamiz orqali barcha xizmatlardan foydalansa bo‘ladi

Universitetimizning mobil ilovasi bor. Mobil ilova professor-o‘qituvchilar, talabalar va ularning ota-onalariga moshlashtirilgan. Unda rahbariyat to‘g‘risida barcha ma’lumot, qolaversa, o‘quv binolarimizning joylashuvi mavjud. Masalan, endigina qabul qilingan talabalar o‘quv binosining birini biladi, ammo qayerda joylashganini bilmasligi mumkin. Mobil ilovada o‘sha binoning nomi tanlansa, avtomat tarizda binoning qayerda joylashgani haqida xarita paydo bo‘ladi.

Shuning uchun mobil ilova barcha interfaol xizmatlarimiz joylashgan. Ta’lim platformamizga ham mobil ilova orqali barcha xizmatdan foydalansa bo‘ladi. Hatto kutubxonaning ham mobil ilovasi bor, u orqali talaba kitoblarni yuklab olishi mumkin. Ilovaning ichida o‘qish imkoniyati bo‘lib, talaba ilova orqali kitobni ochganda, kitob haqida qisqacha ma’lumotlar, ya’ni uning nomi, mazmuni, megabayti qanchaligi ko‘rinadi.

Mobil ilovalar ko‘zni og‘ritmasiligi uchun kun-tun rejimlariga moslashgan. Shuningdek, ilovalar o‘zbek, rus, ingliz tilida ishlaydi. Kitob yuklangach, istalgan vaqtda uni o‘qish mumkin. Masalan, nechanchi betga kelganingizni ham eslab qoladi. O‘qishga qulay bo‘lishi uchun kitobning parametrini ham moslash mumkin, harflarni kattalashtirish, yon tomondan varaqlash yoki tepadan pastga qarab o‘qish imkoni bor. Mobil ilovaga talabalar zerikib qolmasligi uchun oddiy o‘yinlarni ham yuklab qo‘ydik.

IT sohasi shunday sohaki, unda har kuni yangilik ishlab chiqiladi. Shining uchun IT mutaxasislari har kuni o‘zi ustida ishlamasa bo‘lmaydi. Bizning 15 kishilik bo‘limimiz xodimlari ham raqamli ta’lim texnologiyalari haqidagi bilimlarini takomilashtirib, hayotda qo‘llash orqali talabalarga imkon qadar yengilliklar yaratyapti.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar