Samarqand sammiti ShHTning yirik siyosiy va diplomatik forumi sifatida tarixda qoladi

Samarqand sammiti ShHTning yirik siyosiy va diplomatik forumi sifatida tarixda qoladi

2022 yil 12 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirayotgani haqida fikr-mulohaza yuritganlar.

Maqolada aytilgandek, shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solayotgani, ularning daromad manbalarini qisqartirayotgani to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Ushbu tahlikali va bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davrda ShHT doirasida har tomonlama hamkorlikni ta’minlash va rivojlantirish tashkilot qatnashchilari uchun juda muhimdir.

O‘zbekiston Prezidenti ShHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi haqida so‘z yuritar ekan, tashkilotning mintaqaviy masalalarni hal qilishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish sabalarini ochib bergan. Shu o‘rinda ShHTni tashkil etish to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga ko‘ra, tashkilot boshqa davlatlar va mintaqalarga qarshi qaratilgan ittifoq emasligi, u ochiqlik tamoyiliga amal qilishi, ShHT boshqa davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan har qanday shaklda muloqot, aloqa va hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirishi haqida ta’kidlab o‘tgan. Bu prinsiplar ShHTning asosiy hujjati bo‘lgan Xartiyada ham aniq ko‘rsatib berilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tashkilotdagi raislik davrida asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Prezidentimiz aytganlaridek, Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan qadimiy Samarqand shahri ShHTning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib oladi.

Sammitda 15 davlat va hukumat rahbari, o‘nga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan Samarqand sammiti dunyo miqyosida yilning eng yirik va nufuzli siyosiy-diplomatik tadbirlardan biriga aylanadi. Unda tashkilot tarixida ilk bor 30 ga yaqin hujjat ko‘rib chiqiladi va muhokama etiladi. Mazkur hujjatlar tashkilotning mintaqa va dunyo miqyosidagi o‘rni va rolini oshirishga xizmat qiladi. ShHTga a’zo, kuzatuvchi va hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarining uzoq istiqbolini belgilab beradi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi aynan Samarqandda bo‘lib o‘tayotgani alohida ramziy ma’no kasb etadi. ShHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi. “Samarqand ruhi” ShHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘ladi va Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ShHTni yaratilishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.

15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Sammitda O‘zbekistonning ShHTga raisligi yakunlari sarhisob qilinadi.

Bu davrdaga qadar O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan.

O‘zbekiston mazkur tadbirga tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mustahkam yangi huquqiy va konseptual hujjatlar to‘plami bilan yaqinlashmoqda.

Ishonchimiz komilki, Samarqand sammiti yirik siyosiy va diplomatik forum bo‘lib ShHTni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixda qoladi.

Afzal Artikov
Iqtisodiy tadqiqodlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar