Samarqand viloyati Urgut tumanida “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishi holati o‘rganildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishi holati o‘rganildi

Ma’lumot uchun, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 120 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 548,7 ming axoli yashaydi.

Joriy yilning 1 aprel holatiga Samarqand viloyati Urgut tumanida mazkur soliqlar bo‘yicha 65,0 mlrd. so‘m (shundan,1-chorakda 31,0 mlrd. so‘m) hisoblangan bo‘lib, shu yilning yanvar-mart oylarida jami 6,1 mlrd. so‘m (umumiy qarzdorlikning 9,4%), shundan mol-mulk solig‘idan 2,3 mlrd. so‘m va yer solig‘idan 3,8 mlrd. so‘m undirilgan. Hisobot davrida mazkur soliqlar bo‘yicha qarzdorlik 58,9 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Tumanda mazkur soliqlarni undirilishida mahalla raislarini rag‘batlantirish tamoyillari ishlab chiqilmaganligi tufayli tumanning 60 ta mahallasida (mahallalar sonining 50%) mazkur soliqlar bo‘yicha qarzdorlikning undirilishi darajasi 10%dan pastni tashkil etmoqda.

Misol uchun, Beshyog‘och MFYda ushbu ko‘rsatkich 0,7%, Jarqishloq MFY - 0,7%, Kaynarbulok MFY - 1,5%, Choshtepa MFY - 1,6%, Vagashti MFY - 1,9%, Yukori Beshkapa MFY - 2,1%, Kamangaron MFY - 2,6%, Bogishomol MFY - 2,8%, Mergancha MFY - 2,8%, Uramas MFY - 2,8%, Jarkishlok MFY - 3,1%, Kuyi Muminobod MFY - 3,2%, Chagizmon MFY - 3,5%ni tashkil etgan holda, yig‘uvchanlik darajasi past hisoblanadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra mazkur soliqlardan undiriladigan mablag‘larning atiga 10% tuman byudjeti orqali mahallalarga yo‘naltirilishi belgilanganligi sababli utgan chorak davomida mahallalar ixtiyorida 608,0 mln. so‘mlik mablag‘lar undirilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar har bir mahallaga o‘rtacha 6,0 mln.so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Biroq tumanning 26 ta mahallalarida yoki jami mahallalarning 22%da ushbu qiymat 600,0 ming so‘mga ham yetmagan.

Misol uchun, Xalqabod MFYda ushbu ko‘rsatkich atiga 6 ming so‘m, Mustakillik MFYda 23 ming so‘m, Nurobod MFYda 61 ming so‘m, Shodlik MFYda 69 ming so‘m, Binokor MFYda 80 ming so‘m, Kamongaroncha MFYda 109 ming so‘m, Kulollik MFYda 130 ming so‘m, Kichik Torinjak MFYda 130 ming so‘m, Soyguzar MFYda 167 ming so‘m, Buloqboshi MFYda 230 ming so‘m, Guslik MFYda 250 ming so‘m, Gulobod MFYda 362 ming so‘m miqdoridagi soliqlar undirilgan xolos.

Shu bilan birga, “Mahalla byudjeti” tizimi bo‘yicha mablag‘larni shakllantirish va xarajatlarni amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilmaganligi sabab undirilgan mablag‘larni mahallalarning hisob-raqamlariga o‘tkazib berishning tartibi mavjud emas. Shu tufayli, joylarda “mahalla byudjeti” orqali ta’minlanishi rejalashtirilgan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi ta’minlanmasdan qolmoqda.

Hisobot davrida tumandagi 120 ta mahallalar uchun mazkur soliqlar bo‘yicha undirilgan 608 mln. so‘mlik mablag‘lar ajratilishi belgilangan, biroq ushbu mablag‘lar mahallalarga o‘tkazib berilmagan hamda bugungi kunga qadar ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyati mavjud emas.

Amalda mazkur soliqlardan yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan xarajalarni amalga oshirishni belgilovchi Nizom ishlab chiqilmaganligi sababli Urgut tumanida xarajatlar Xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur holat undirilgan soliqlarni mahalla muammolarini hal etish uchun sarflashda mahallalar mustaqilligini yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.

Misol uchun, Urgut tumanidagi Chag‘izmon MFY hisob raqamiga o‘tkazib beriladigan 966 mln. so‘mlik mablag‘lar hisobiga 8 km ichki yo‘llarni 3 ta tor ko‘chaga asfalt yotqizish, 1 ta tarmoq podstansiyasini almashtirish, 40 ta elektr tayanch ustunlarini yangilash, 1 ta emlash punktini kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish imkoniyati bo‘lmasdan qolmoqda.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Mahalla byudjeti” qamrab olingan barcha tumanlarda “SAYT” (Soliqlarni aqlli yig‘ish tizimi) dasturiy platformasi tashkil etilgan bo‘lsada, tumandagi 26 ta mahalla raislari yoshi ulug‘ va keksa avlod vakillari bo‘lganligi sababli ularda ushbu platformadan foydalanish imkoniyati hamda ko‘nikmalari yetarlicha emas. O‘rganish natijalariga ko‘ra, platforma to‘liq rejim bilan ishlamasligi ma’lum bo‘ldi.

Vaholanki, Davlat soliq qo‘mitasi 2023 yil 1 martga qadar mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan, to‘langan va qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan mahallalar tomonidan real vaqt rejimida foydalanish bo‘yicha “Soliq“ dasturiy ta’minotida “Mening mahallam” bo‘linmasi yaratilgan hamda mahalla raislari mobil telefonlari va planshetiga mazkur masala bo‘yicha platforma yuklab berilishi belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.12.2022 yildagi PQ-458-sonli qaroriga asosan mazkur soliqlarni undirilishiga vakolatli ma’sul shaxs belgilanmaganligi sabab mazkur vazifani tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Urgut tumani hokimligi tomonidan O‘zbekiston MFYda mazkur soliqlarni undirish ishlariga ma’sul etib hokim yordamchisi belgilangan. Vaholanki, hokim yordamchisining lavozim majburiyatiga ushbu vazifani bajarilishi kiritilmagan. Ushbu holatda, mahalla raisiga mazkur soliqlarni undirilishi bo‘yicha qiziqish va manfaatdorlik yo‘qolmoqda.

Shu o‘rinda, Urgut tumanida 84 mingdan ziyod ko‘chmas mulki ob’yektlari davlat ruyxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, 25 ming yaqin ob’yektlarning (30%) kadastr xujjatlari rasmiylashtirilmagan. Amaldagi tartibga ko‘ra, kadastr xujjatlari mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslardan 1 kv. metr ko‘chmas mulki ob’yekti uchun 600 ming so‘mning 2%i miqdorida hamda jismoniy shaxslardan qat’iy 43 mln.so‘mning 2%i miqdorida soliqlar undirish jarayonlari ish yuklamasining yuqori ekanligi sababli mazkur soliqlarning undiruvchanligiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Urgut tumani Davlat soliq inspeksiyasida jismoniy shaxslarni soliqqa tortish yunalishida undirish va xisobini yuritishga 12 nafar mas’ul xodimlar biriktirilgan. Bir nafar soliq inspektoriga o‘rtacha 2 ming ziyod kadastr xujjatlari rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulki ob’yektlari yuklamasi to‘g‘ri kelmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ma’sul vazirlik va idoralarga O‘zbekiston Respublikasining “Mahalla byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish yohud Byudjet Kodeksiga “Mahalla byudjeti” tizimi daromadlari va xarajatlari hamda byudjetlararo munosabatlar tartibini belgilaydigan alohida normalar kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Kamoliddin Nurmurodov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar