Samarqandda og‘ir hududlar muammolari yechilmoqda

Samarqandda og‘ir hududlar muammolari yechilmoqda

Dasturga viloyatning og‘ir hududlaridan hisoblangan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Chuyanchi”, Ishtixon tumanidagi “Chag‘atoy”, Pastdarg‘om tumanidagi “Oltiqahramon” hamda Oqdaryo tumanidagi “Yangiqo‘rg‘on” mahallalari kiritilgan.

Ushbu hududlar aholisini o‘ylantirib kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Prezident maslahatchisining birinchi o‘ribosari Qahramon Sariyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari bevosita joylarga chiqqan xolda uyma-uy yurib o‘rganishlar olib bormoqda.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 7 sentyabr sanasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, mahallalardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash borasida 13 kilometrdan ziyod ichki yo‘llar asfaltlandi, eski yog‘och elektr ustunlar 60 ta yangi temir - beton ustunlarga almashtirildi, 2 kilometrga yaqin yangi elektr sim tarmoqlari tortildi, 2 dona yangi transformator punkti o‘rnatildi. Tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida, 2 kilometrga yaqin gaz quvurlari joriy va kapital ta’mirlandi. Fuqarolar murojaati asosida hududlarga 600 dan ziyod qo‘shimcha suyultirilgan gaz balonlari almashtirib berildi. Hududlardagi barcha qabristonlarda obodonlashtirish ishlari, mavjud daraxtlarga shakl berilib, devorlari oqlash va qabrlar atrofini tozash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari qish mavsumi oldidan 2 mingdan ziyod xonadonda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, isitish pechkalari (ko‘mir, o‘tin va suyultirilgan gazga moslashtirilgan pech va plitalar)ni mavsumga tayyorgarlik holati to‘liq o‘rganilib, mo‘rilari tozalandi, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Aholi salomatligini himoya qilish maqsadida 3 ming nafarga yaqin fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va uning natijasida viloyat va tuman sog‘liqni saqlash muassasalarida davolanishga ehtiyoji bor 213 nafar fuqaro davolanish uchun bepul yo‘llanma bilan ta’minlandi. Shu bilan birga 30 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga nogironlik aravachalari topshirildi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan 100 ga yaqin ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, kam ta’minlangan fuqarolarga xonadon ta’miri uchun qurilish materiallari bepul yetkazib berildi hamda boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning xonadonlarini ta’mirlash ishlari boshlandi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar