Sayyor qabullar: asosiy e’tibor og‘ir hududlarga

Sayyor qabullar: asosiy e’tibor og‘ir hududlarga

Qabullarga hokimlar, aholidan eng ko‘p e’tirozlar kelib tushayotgan masalalar bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari hamda mahalla raislari jalb etildi. Sayyor qabullarni o‘tkazishda asosan olis va chekka mahallalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy muammolar ko‘p bo‘lgan “qizil” toifadagi hududlarga alohida e’tibor qaratildi.

Sentyabr oyida o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 28 mingga yaqin fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 15 mingdan ziyodining yechimi joyida topildi. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab etiladigan 11,6 ming ariza-shikoyatlar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Xususan, tezkorlik bilan hal etilgan murojaatlarning asosiy qismi gaz, elektr, suv, issiqlik ta’minoti (3,7 ming), moddiy yordam va bolalar nafaqasi (1,7 ming), sog‘liqni saqlash sohasi (1,8 ming), tadbirkorlik va kredit ajratish (1,03 ming), bandlikni ta’minlash (1,1 ming), ichki yo‘llar holati (588), ichki ishlar idoralari faoliyati (227) hamda maktab va maktabgacha ta’lim (206) kabi qator sohalar bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi.

O‘tkazilgan tadbirlar doirasida alohida huquq-tartibot idoralari rahbarlarining ham qabullari tashkil etildi. Fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash, ishga joylashish, uy-joyga egalik huquqini rasmiylashtirish, oila va nikoh, soliq va bank kreditlari masalalari yuzasidan tegishli organlar mas’ullariga murojaat qilib, muammolariga yechim topdilar.

Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosarlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida sud sohasi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 404 nafar fuqarolar qabul qilindi.

Sayyor qabullarda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni o‘tayotgan mahkumlarning jazoni yengillashtirishni so‘rab qilgan murojaatlari joylarning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarining ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, murojaatlariga yechim topildi.

Sayyor qabullar barcha hududlarda davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar