Qobul Toshkentning birodarlashgan shaharlari safiga qo‘shilish niyatida

Qobul Toshkentning birodarlashgan shaharlari safiga qo‘shilish niyatida

Toshkent shahar hokimligida Qobul shahri hokimining o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro muloqot davomida Toshkent va Qobul o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirish masalasi muhokama etildi.Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonov O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganligini e’tirof etdi.

Xususan, Toshkent va Qobul o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga e’tibor qartib, juda ko‘p sohalarda hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari keng ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Suhbat davomida Qobul shahar hokimining ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Fozil Sharifiy do‘stona qabul va o‘zbekona mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning do‘stlik va hamkorlik aloqalari uzoq tarixga borib taqalishini ma’lum qildi.

Toshkentdagi o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini, madaniy merosga e’tibor va barcha sohalargi yutuqlarni e’tirof etib, O‘zbekiston poytaxtining bu yo‘nalishdagi tajribasi ular uchun muhimligini aytib o‘tdi va o‘zaro hamkorlik borasida qator takliflarini bayon qildi.

Bugungi kunda Toshkent bilan birodarlashgan shaharlar ko‘pligini qayd etib, Qobul tomoni ham ularning safiga qo‘shilish niyatida ekanligini bildirdi. Shuningdek, ayni paytda Qobulda Temuriylar va Bobur davrida qurilgan tarixiy inshootlar borligini qayd etib, ularni rekonstruksiya qilishda bizning mutaxassislar maslahati va amaliy yordami ahamiyatli bo‘lishini ta’kidladi. Shahrimizdagi bozorlarning ish tajribasini o‘rganish, Toshkent va Qobul hayvonot bog‘lari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni yig‘ish va utillashtirish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflarini aytib o‘tdi. Mehmonning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qobuldagi hayvonot bog‘ining hududi 6 gektardan iborot bo‘lib, hukumat tomonidan unga yana 20 gektar yer qo‘shib berildi. Shu sababli Qobul hokimligi bog‘ faoliyatini rivojlantirish uchun iqlimi o‘xshash bo‘lgan hududlarning shaharlari bilan yaqindan hamkorlikni o‘rnatish harakatida.

Sharof Rahmonov Qobul hokimligining hamkorlik takliflari Toshkent uchun ahamiyatli ekanligini qayd etdi va bundan buyon tomonlar o‘rtasidagi aloqalar muntazam rivojlanib borishiga ishonch bildirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar