3 dekabr kuni poytaxtimizdagi 144-maktabda chiqindilarni saralagan holda yig‘ish tajribasi uchun tanlangan Yakkasaroy tumani, Muqimiy nomidagi mahalla aholisi bilan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi.
Mahallaning barcha uylari uchta plastik va qog‘oz uchun alohida, oziq-ovqat chiqindilari uchun alohida va boshqa turdagi chiqindilar uchun alohida urnalar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, shisha va zararli chiqindilar (quvvat batareyalari, lampalar, telefon va televizorlar) alohida yig‘iladi. “Maxsustrans IChB" DUK mashinalari haftaning ma’lum bir kunida chiqindilarning ma’lum turlarini olib ketishadi.
Yig‘ilishda “Maxsustrans IChB” DUK bosh direktorining o‘rinbosari Sherzod Kattaxodjayev so‘zga chiqib, chiqindilarni saralash zaruriyati, ularni yig‘ish va qayta ishlash jarayoni haqida so‘zlab berdi. Ruhshunos Raisa Tojiboyeva esa tushuntirish ishlarini olib borib, qaysi turdagi chiqindi qayerga tashlanishi kerakligini ko‘rsatdi. Barchasi oddiy va tushunarlidek tuyuladi, lekin tasniflash qiyin bo‘lgan chiqindilar ham uchraydi, ularni umumiy chiqindilarga tashlash tavsiya etiladi. Plastik idishlar qayta ishlangandan so‘ng ishlab chiqariladigan plastik paxta ko‘rsatilib, u yumshoq mebel anjomlarini ichini to‘ldirish va devor qoplamalari orasini isitish uchun qo‘llanishi tushuntirildi.
Avval xabar berganimizdek, 2028 yilga qadar shahar tashqarisida to‘rtta chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilib, ularda chiqindilarning 60% qayta ishlanadi. Hozirda esa Yakkasaroy tumanida “Ekologiya” MChJ bilan hamkorlikda chiqindilarning 8 turi saralanib, qayta ishlanmoqda. Avvaldan saralangan chiqindilarni qayta ishlash tezroq kechadi, aynan saralash eng qiyin jarayon, uni aholi yordamida amalga oshirish, chiqindilarni qayta ishlash va yo‘q qilishni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda har yili o‘tgan yilgilarga nisbatan chiqindilar to‘planishi 6 foizga ortib bormoqda. Agar vaziyatni o‘zgartirmasak 15 yildan keyin bu ko‘rsatkich ikki barobar ortadi va uni olib chiqish hamda yo‘q qilish juda qiyinlashadi. Bu yo‘nalishda barcha mamlakatlar ketayotgan yagona yo‘l chiqindilarni qayta ishlashdir, lekin buning uchun chiqindilarni saralash zarur.
Tajriba natijalarini tahlil qilish va baholash uchun kutib qolamiz.
Izoh qoldirish