Buxoro shahrida Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
– Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning o‘ziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulg‘aygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi ko‘radi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
B.Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.
Xalq deputatlari, oqsoqollar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
– Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulog‘ingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan o‘tadi. Agar buxoroliklar «viloyatimizga to‘g‘ri kadr kelgan ekan», deb rozi bo‘lsa, men ham o‘zimni baxtiyor sezaman, – dedi Prezident.
Shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani ma’lum qilindi.
Yig‘ilish davom etmoqda.
Izoh qoldirish