Shavkat Mirziyoyev MDH majlisida qator takliflarni ilgari surdi (foto+video)

Shavkat Mirziyoyev MDH majlisida qator takliflarni ilgari surdi (foto+video)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sammit ishida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va Hamdo‘stlik Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi, sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi rejalar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi shu yil Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifani ilk bor o‘z zimmasiga olganini ta’kidladi.

MDHning ulkan salohiyatidan foydalanish, sa’y-harakatlarni birlashtirish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan inqirozdan tez fursatlarda chiqishning maqbul yo‘llarini topish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

– O‘zbekiston umumiy muammolarni hal qilishga yangi, nostandart va o‘zaro manfaatli yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor, - dedi Prezidentimiz.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz MDH doirasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga izchil o‘tish, sheriklik mexanizmlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosi samaradorligini oshirish tarafdoridir.

Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, bugungi sharoitda mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari, savdo va kooperatsiya aloqalarini jadal sur’atlarda qayta tiklash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Mavjud muammolarga qaramay, O‘zbekistonning MDHga a’zo boshqa mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi barqaror o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Ayrim sheriklar bilan savdo joriy yilda 20 foizdan ziyodga ko‘paydi.

Hamdo‘stlik doirasida “yashil” va soddalashtirilgan yo‘laklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha yagona platformani ishga tushirish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Bunda agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma klasterlar tashkil etish nazarda tutiladi. Ushbu dastur hamda innovatsion loyihalar va ilg‘or texnologiyalar taqdimotini kelgusi yil Toshkent shahrida o‘tadigan MDH mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi forumi doirasida o‘tkazish taklif etildi.

Transport yo‘laklari raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, o‘zaro kelishilgan tarif siyosatini amalga oshirish va preferensiyalarni o‘zaro taqdim etish transport sohasidagi muhim vazifalar sifatida belgilandi.

O‘zbekiston barcha sanitariya talablariga rioya etgan holda o‘zaro aviaqatnovlarni imkon qadar tez fursatda qayta yo‘lga qo‘yish tarafdoridir. Bu ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini tiklashga xizmat qiladi, deya ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

MDH mamlakatlarining Hamdo‘stlik davlatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari mehnat migrantlari hujjatlarini o‘zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish va bu sohada alohida dastur qabul qilish vaqti kelganini qayd etdi.

Bugungi kunda sanitariya-epidemiologik tusdagi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va ularga barvaqt javob qaytarishning samarali tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan MDH doirasidagi tegishli kelishuvni tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar