Shavkat Mirziyoyev: men Sizlarni farovon hayotimiz bunyodkorlari, deb bilaman va bu yo‘lda sizlar bilan doim birgaman

Shavkat Mirziyoyev: men Sizlarni farovon hayotimiz bunyodkorlari, deb bilaman va bu yo‘lda sizlar bilan doim birgaman

Bugun, 22 avgust kuni an’anaga ko‘ra, Toshkentdagi Kongress-hollda prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh tadbirkorlarga mukofotlarni topshirish marosimida ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari taqdirlash marosimidan avval so‘zga chiqib, bugungi kundagi tadbirkorlik haqida fikr bildirdi.

"Bundan bir yil oldin sizlar bilan mana shunday ezgu an’anani yo‘lga qo‘yganimiz juda to‘g‘ri bo‘lganini, bugun hayotning o‘zi isbotlamoqda. O‘tgan yilgi uchrashuv arafasida va tadbir davomida sizlardan kelib tushgan minglab murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish va takliflarni amalga oshirishga qaratilgan katta dastur, 70 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qildik. Biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun, 130 trillion so‘m kreditlar, 3,5 trillion so‘mlik subsidiya va kompensatsiyalar ajratdik.

O‘tgan yilgi uchrashuvimiz arafasida xorijiy valyutada kredit olgan va valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimizdan murojaatlar kelib tushgan edi. Shunday muammoga duch kelgan tadbirkorlarning mushkulini oson qilish maqsadida, ularning 123 million dollarga teng kreditlarini milliy valyutaga o‘tkazib berdik. Ushbu amaliyotni davom ettiramiz.

Qurilish sanoatida sement, charm-sanoatda bo‘yoqlar va kimyoviy moddalar, mebel sanoatida M-D-EF, furnitura va aksessuarlar kabi jami 82 turdagi xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar import bojidan ozod qilindi, natijada mahsulotlarning tannarxini kamaytirishga sharoit yaratildi.

Umuman, ijobiy misol sifatida ko‘rsatadigan natijalarimiz ko‘p.

Men ular haqida ko‘p to‘xtalmasdan, aynan biznes muhitning yaxshilanganini ko‘rsatuvchi misollarni keltirib o‘tmoqchiman.

E’tibor bering, o‘tgan bir yil davomida:

- tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar barpo etildi. Ya’ni, tadbirkorlar kelajakka ishonib, ko‘chmas mulkka investitsiyalarni ko‘paytirmoqda;

- tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 5 mingtaga oshib, 26 mingtaga yetdi;

- yana 1 ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazdi;

- yana 220 nafarining tushumlari esa, 100 million dollarga yetdi;

- eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko‘paydi.

Albatta, bunday yutuqlarga erishish oson bo‘lmayapti. Men buni yaxshi tushunaman. Ushbu yutuqlar negizida sizlarning tinimsiz va mashaqqatli mehnatingiz turganini aniq bilaman va qadrlayman. Bugun ushbu minbardan turib bir gapni baralla aytmoqchiman: men Sizlarni farovon hayotimiz bunyodkorlari, deb bilaman va bu yo‘lda sizlar bilan doim birgaman.

Hozirgina 29 nafar biznes vakillarimizga ularning mehnatini e’tirof etib, davlatimizning yuksak orden va medallarini topshirdim.

Shuningdek, kuni kecha 100 nafar ishbilarmonlarimiz “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, ushbu tadbirkorlarimizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman", dedi davlat rahbari.

Dunyodagi hozirgi vaziyat, uning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri ortib bormoqda. Iqtisodiy faollikning pasayishi, tashqi savdo, logistika, oziq-ovqat va xom ashyo narxlari, energiya bilan barqaror ta’minlashdagi muammolar tadbirkorlarni asosli xavotirga solayapti. Shu bois, ushbu xavf-xatarlarning iqtisodiyotimizga ta’sirini kamaytirish va barqaror rivojlanish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solinyapti.

Shavkat Mirziyoyev bu jarayonda tadbirkorlarimiz bilan doimiy muloqot qilib, kelgusidagi barcha harakatlarimizni bamaslahat davom ettirilishini ta’kidlab o‘tdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar