Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Jahon avtomobil sanoatida ishlab chiqarish quvvatlarining ortiqchaligi muammosi yuzaga keldi (Bloomberg)

BloombergNEF tadqiqotiga ko‘ra, jahon avtomobil sanoatining yillik ishlab chiqarish quvvati 142 mln dona avtomobilni tashkil etadi. 2026 yilda sotuvlar 85 mln dona bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Natijada ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 57 mln donaga yetmoqda.

Avtomobil zavodlarining ishlab chiqarish quvvatlaridan o‘rtacha foydalanish darajasi 60 foizni tashkil etadi. Zararsiz ishlash uchun esa ushbu ko‘rsatkich kamida 80 foiz bo‘lishi talab etiladi.

So‘nggi o‘n yilda jahon avtomobil sanoatining ishlab chiqarish quvvatlari 28 mln donaga oshgan bo‘lib, ushbu o‘sishning 80 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu davrda avtomobillar sotuvi atigi 5 mln donaga ko‘paygan. Hozirda Xitoy hissasiga jahon avtomobil ishlab chiqarish quvvatlarining uchdan bir qismidan ortig‘i to‘g‘ri kelmoqda, uning jahon avtomobil sotuvlaridagi ulushi esa 25 foiz atrofidani tashkil etmoqda.

2030 yilga borib, ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarish quvvatlari 5 mln donaga qisqarishi, elektromobillar va aralash ishlab chiqarish liniyalari quvvatlari esa 10 mln donadan ortiqqa oshishi prognoz qilinmoqda.

Global Janub mamlakatlari toza energetika texnologiyalari importini oshirmoqda (Reuters)

Ember tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan buyon Global Janub mamlakatlari Xitoyning toza energetika texnologiyalari importiga 235 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Ularning Xitoy energetika uskunalari jahon importidagi ulushi 50 foizdan oshgan.

Mazkur davrda Global Janub mamlakatlarining elektr tarmoqlari uchun uskunalar importiga 25,3 mlrd dollarni (jahon umumiy hajmining 51,5 foizi) tashkil etgan. Dunyoning qolgan mamlakatlarida esa 23,8 mlrd dollar (48,5 foiz) sarflagan. Yirik importchilar qatoriga Hindiston, Pokiston, Filippin, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi va Vetnam kiradi.

Isitish va sovitish uskunalari importi 26 mlrd dollar (55,3 foiz) yetgan bo‘lsa, dunyoning qolgan mamlakatlarida ushbu ko‘rsatkich 21 mlrd dollarni (44,7 foiz) tashkil etgan. Global Janub mamlakatlari Xitoy quyosh panellari importiga 47 mlrd dollar (55,4 foiz) sarflagan. Dunyoning qolgan mamlakatlarida esa ushbu ko‘rsatkich 37,8 mlrd dollarni (44,6 foiz) tashkil etgan.

2026 yil yanvar–avgust oylarida Global Janub mamlakatlarining Xitoy elektromobillari importi 73,2 mlrd dollarga yetgan. 2023 yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 6 mlrd dollarni tashkil etgan.

2024 yildan buyon Xitoyning akkumulyatorli energiya saqlash tizimlari importiga jahon bo‘yicha sarflangan mablag‘larning 29 foizi Global Janub mamlakatlari, 71 foizi esa dunyoning qolgan mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, Global Janub mamlakatlarining ushbu tizimlar xaridiga sarflagan mablag‘lari 2024 yil yanvar–avgust oylaridagi 9 mlrd dollardan 2026 yilning mos davrida 21 mlrd dollargacha, ya’ni 2,3 barobardan ziyod oshgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar