Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazyapti. Davlat rahbari kelgusi 5 yilda qanday qilib yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 14 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida, 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga beriladi. Bu orqali 50 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.
6 ming nafar ishsiz aholi uchun, ixcham issiqxonalar qurib beriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash orqali, 12 ming fuqaroning bandligi ta’minlanadi. Mahallaga kirgan irrigatsiya tizimini tiklash maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu jamg‘armani Fermerlar va dehqonlar kengashi barcha tumanlarda tashkil qilib, o‘zi boshqaradi. Byudjetdan har bir tuman jamg‘armasiga 10 mlrd so‘mdan o‘tkazib beriladi.
Shuningdek, 422 ta mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, oilaviy tadbirkorlik dasturlariga har yili 650 mlrd so‘m kreditlar ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasidagi tadbirkor va fuqarolar uchun kelgusi 10 yilda yer, mol-mulk, suv solig‘i, ijtimoiy, foyda, daromad va aylanma mablag‘dan olinadigan soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.
Shuningdek, 50 mlrd so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv va yo‘l tarmoqlarini o‘tkazib berishni, davlat to‘liq zimmasiga oldi.
45 ta yangi kichik sanoat zonasi barpo etiladi va bunga byudjetdan dastlabki bosqichda 100 mlrd so‘m beriladi, qariyb 25 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Aytilishicha, canoat tarmoqlarida 5 mlrd 100 mln dollarlik 2 mingdan ziyod investitsiya loyihalari doirasida 76 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, hududning eksport hajmlari kamida 4 barobarga oshirilib, 500 mln dollarga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining infografikasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining so‘nggi besh yillikdagi rivojlanish natijalari keltirilgan edi.
Izoh qoldirish