Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
2022 yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish, xizmatlar hajmini 435 trillion so‘mga yetkazish (o‘tgan yili 283 trillion so‘m bo‘lgan) hamda sohada 1,5 million ish o‘rni yaratish reja qilingani ta’kidlandi.
“Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlarni to‘g‘ri tashkil eta olmayapti. Misol uchun, xizmatlar sohasida yanvar-may oylarida 756 ming ish o‘rni yaratildi. Lekin, ish o‘rinlarining atigi 232 mingtasi yoki 31 foizi yangi ob’yektlarda yaratilgan. Qolgan 510 mingta ish o‘rni o‘zini o‘zi band qilganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda”, dedi Prezident.
Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlari natija ko‘rsatgani, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryodagi ishlar ahvoli esa qoniqarsiz ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarildi, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgan.
Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmaydi.
Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yerlar soni 10 tadan oshmaydi.
Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marotaba hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.
Auksionga taklif etilgan 45 mingta yerning 3 mingtasi kelishiladigan idoralar tomonidan qaytarilgani ko‘rsatib o‘tildi. Bunga asosiy sabab hududlarning bosh rejasi yoki arxitektura rejalashtirish loyihalarining yo‘qligidir. Shaharlarning bor-yo‘g‘i 30 foizida bosh reja, qishloqlarning 1 foizida arxitektura rejalashtirish loyihalari mavjudligi tanqid qilindi.
“Ochiq aytish kerak, shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqishni davlat loyiha institutlari “monopoliya” qilib olgan. Investitsiya dasturlari doirasida davlat loyiha institutlariga har yili katta mablag‘lar ajratilayapti, lekin bironta tuman yoki shaharning bosh rejasi oxiriga yetkazilmagan. Narxlar ham chet ellik yoki xususiy loyiha tashkilotlari narxlariga nisbatan bir necha barobar qimmat. Shu bois, qurilish sohasini transformatsiya qilish bo‘yicha ham alohida muhokama o‘tkazaman”, - dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari oldiga tegishli idora va tashkilotlar bilan birga servis va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida yaratilgan doimiy yangi ish o‘rinlarini yarim yil yakuni bilan 300 mingtaga, yil yakuniga qadar esa yana 800 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bu ko‘rsatkichlarni uddalash mumkinligi Buxoro viloyati misolida tushuntirildi.
Misol uchun, Buxoro shahridagi tadbirkorlar eski shahardagi mehmonxona, oshxona, savdo do‘konlarining tom qismida restoran va kafeteriylar tashkil etgan. Shu kabi shaharning 8 ta markaziy ko‘chasida joylashgan davlat tashkilotlarining 50 ga yaqin binolarining 1-qavatida 100 dan ziyod restoran va kafeteriylar, servis joylarini tashkil etish imkoni mavjud.
Viloyat hokimlariga Buxoro tajribasini 28 ta shahar, barcha tuman markazlari hamda poytaxt tumanlarida joriy qilish topshirildi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga respublika bo‘yicha davlat idoralarining balansidagi, yo‘l bo‘ylarida joylashgan 4 mingga yaqin ma’muriy binolaridan servis sohasida samarali foydalanish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda oy yakuni bilan 25 mingta yer uchastkalarini servis va savdo ob’yektlari uchun auksionga chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Oltiariq tumani so‘nggi ikki oyda 1,6 mingta yer uchastkasini auksionga chiqardi.
Buning uchun tuman ishchi guruhi tadbirkorlar bilan uchrashib, ular uchun maqbul bo‘sh yer uchastkalarini ajratib olgan, xususiy loyiha tashkilotlarini jalb qilib, topografik xaritalarni ishlab chiqqan, auksionga chiqarish uchun 15 ta idora bilan 7-10 kunda kelishilgan.
Prezident bu tajribani barcha tuman va shaharlarda joriy qilish kerakligini ta’kidladi.
Endilikda:
- yerlarni auksionga chiqarish jarayonlari ijarada – 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida – 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi;
- yer maydonlarini baholash ekspertizadan o‘tkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi;
- 2023 yil 1 yanvardan boshlab yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor ma’lumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.
Bunda, javobgarlik kadastrga ma’lumot taqdim etmagan idora rahbariga yuklanadi.
Yig‘ilishda Kadastr agentligiga yil yakunigacha 20 ta vazirlikning kadastr ma’lumotlarini Milliy geoaxborot tizimiga to‘liq kiritish topshirildi.
1 sentyabrga qadar 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalarini tashkil etish reja qilingan. Ushbu maqsadlar uchun o‘tgan yili respublika byudjetidan 1,4 trillion so‘m, joriy yilda esa 900 milliard so‘m ajratildi.
Yig‘ilishda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
Misol uchun, Boysundagi Omonxona qishlog‘ida 1 ta sihatgoh, 3 ta mehmonxona bo‘lib, mehmonlarni 190 ta xonadon qabul qiladi (yiliga o‘rtacha 22-25 ming mehmon keladi).
Ushbu qishloqdagi hokim yordamchisi mehmonlar oqimini 100 mingga yetkazish bo‘yicha ish boshlagan. Agar yo‘l infratuzilmasi yaxshilansa, yo‘l bo‘yida 200 dan ziyod servis ob’yektlari va kamida 1 mingta ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Umuman, 28 ta yirik shahar, xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori 10 ta tumanda ishlar yangi yondashuvlar asosida tashkil etiladi. Bu hududlarning master-rejasi ishlab chiqishga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Bunda:
- bir hafta muddatda har bir tuman va shaharda loyiha ofislari tuzilib, xorijiy konsalting kompaniyalari va ekspertlar jalb qilinadi;
- loyiha ofislari bir oy muddatda ushbu tuman va shaharlar aholisi takliflari asosida master-rejani ishlab chiqadi.
Ushbu tuman va shaharlarga tijorat banklari biriktirilib, servis loyihalarini moliyalashtirishga mas’ul bo‘ladi.
Masalan, Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasidagi boshi berk ko‘cha Sharof Rashidov markaziy ko‘chasiga bog‘lanib, 1,4 kilometr avtomobil yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘lakchalari barpo etilgan. Savdo va servis ob’yektlariga tunu-kun ishlashga ruxsat berilgan. Natijada, ilgari ushbu hududdagi 1 kvadrat metr joy 2-3 mln so‘mga ham sotilmagan bo‘lsa, hozir narxi 8-9 mln so‘mga yetgan. Eng muhimi, savdodan tushgan mablag‘larni boshqa ko‘chalarning infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish ishlari boshlangan.
Viloyat hokimlariga Jizzax tajribasi asosida 1 tadan ko‘chani tanlab, ularni serqatnov ko‘chalarga ulash orqali servisni rivojlantirish loyihasini boshlash topshirildi.
Prezident ko‘chma va yengil konstruksiyali savdo faoliyati uchun talablarni soddalashtirish vazifasini qo‘ydi. Jumladan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, mahalla, obodonlashtirish va yo‘l tashkilotlariga o‘z yer maydonlarida mavsumiy kafe va savdo nuqtalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda, ko‘chma savdo ob’yektlarini ish kuni yakunlangach, ko‘chirish bo‘yicha majburiy talab bekor qilinib, tadbirkorlarga mobil konteynerlar o‘rnatish huquqi beriladi.
2017 yilda bozorlarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy savdo komplekslarini qurish dasturi qabul qilingan edi. Lekin Zangiota, Qibray, Ohangaron, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Chortoq, Xatirchi va Nurotada bozorlardagi ahvol, ularning sanitariyasi va arxitekturasidan odamlar norozi ekani qayd etildi.
Besh yillik tajribadan kelib chiqib, bozorlarni rivojlantirish dasturini, shuningdek, madaniyat va istirohat bog‘larida servisni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Transport sohasiga xususiy investorlarni jalb qilish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, transport vaziri I.Mahkamovga:
- aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilish ishlari qoniqarsizligi;
- Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi tez yurar avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari ham qoniqarsizligi;
- hududlar o‘rtasida avia, temir yo‘l va avtotransport qatnovlarini ko‘paytirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi va oxirgi marta ogohlantirish berildi.
Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports”ga:
- 1 iyulga qadar aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investor hamda ichki aviaqatnovlar uchun loukosterlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash;
- 1 avgustga qadar ichki aviaqatnovlarni haftasiga 90 taga ko‘paytirish topshirildi.
Temir yo‘l tizimi transformatsiyasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Avtomobil yo‘llari sohasida qurilish sifati va ajratilayotgan mablag‘lar nazorati bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
“Xabaringiz bor, o‘tgan ikki hafta davomida respublikaning barcha mahallalarida saylov o‘tkazilib, 9 ming 349 nafar mahalla raislari saylandi. Ushbu oqsoqollarni xalqimiz, birinchi galda, mahalla aholisi o‘ziga munosib ko‘rib, ishonch bildirgani bilan tabriklayman.
Bir narsani aniq tushunish lozim. Mahalla raisi bo‘lish bu – juda katta mas’uliyat. Mahalla raislari xalqimizni rozi qilishda, islohotlarni har bir xonadonga kirib borishida hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlari boshini qovushtirib, xonadonbay muammolarni o‘rganib, hokimlar oldiga aniq masalalar qo‘yib, mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul va javobgar bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Bugun xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan aniq masalalar ham eng avvalo mahalladan boshlanishi, bir so‘z bilan aytganda, mahalla xizmatlar va servis markaziga aylanishi shartligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish