Shu kunlarda O‘zbekiston jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori markazida bo‘lib turibdi. Sababi, yurtimiz oxirgi uch yildagi eng yirik tadbir — Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga mezbonlik qildi. Yuksak darajada o‘tkazilgan mazkur yirik forumning nufuzi nechog‘lik yuqori ekanligini tasavvur qilish uchun birgina fakt, ya’ni sammit ishida 15 ga yaqin davlat rahbarlari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etganini keltirish kifoya.
Qolaversa, u bir necha yillik “pandemiya tanaffusidan” so‘ng ShHT mamlakatlari va xalqlari o‘rtasidagi dastlabki yuzma-yuz muloqot ekanligi, uning doirasida 40 dan ortiq davlatlararo hujjatlar qabul qilingani sammit ahamiyati naqadar ulkan ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’bir joiz bo‘lsa, uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, albatta.
Jozibadorlik
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonning ShHTga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi — bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.
Darhaqiqat, Samarqand sammiti nafaqat global miqyosda, balki tashkilot ichidagi vaziyat keskin bo‘lib turgan murakkab bir shroitda o‘tdi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarni mustahkamlash, aniqsa, a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalarni yaxshilash borasida muhim ko‘prik vazifasini o‘tay oldi. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda.
Gap shundaki, “Le Figaro” nashri ShHTning Samarqand sammitini O‘zbekiston diplomatiyasining yorqin g‘alabasi sifatida talqin etmoqda. “ShHT ko‘lami bo‘yicha BMTdan keyin turadigan yirik mintaqaviy tuzilmadir. Bu tashkilot zaminida dunyo aholisining 42 foizi istiqomat qiladi.
ShHT Yevropa Ittifoqi singari siyosiy tashkilot ham, NATO kabi harbiy blok ham emas. ShHTda O‘zbekiston alohida o‘ringa ega. Tashkilotga yaqinga qadar O‘zbekiston vakili, hozirda mamlakat tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov rahbarlik qildi, sammitning Samarqandda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Bu O‘zbekistonning katta diplomatik g‘alabasidir”, deb yozadi nashr.
E’tirof etilganidek, bundan 20 yil muqaddam tashkil etilgan mazkur tashkilot ulkan geografik makonni qamrab olgan. A’zo mamlakatlarning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrdan ziyod bo‘lib, bu Yevroosiyo qit’asining 60 foizdan ortig‘iga teng, deganidir. Ushbu hududda sayyoramiz aholisining qariyb teng yarmi istiqomat qiladi. Tashkilotning iqtisodiy salohiyati ham chakana gap emas, albatta. Unga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qiladi.
ShHT turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymasligi tufayli uning jozibadorligi tobora ortmoqda. Natijada unga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan-yilga ko‘payib borayotir. Hindiston va Pokiston hisobiga a’zo soni ortga ushbu tashkilot yaqin kelajakda Yaqin Sharq tarafga ham kengayishi kutilyapti.
E’tiborlisi, Samarqand sammiti doirasida Eron Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Unda ko‘zda tutilgan barcha majburiyatlar bajarilgach, Eron ham ShHTning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.
“Eronning ishtirokchi davlatlar guruhiga kirishi Shanxay hamkorlik tashkilotini mustahkamlaydi”, dedi ShHT bosh kotibi Chjan Min.
Shu bilan birga, Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomi berildi. Belarus Respublikasiga ShHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish jarayonlari boshlanadi. ShHTning geografik qamrovi muttasil kengayib borayotgani uning nufuzi yanada ko‘tarilayotganini anglatadi.
Ishonch
“Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri — global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda”. Bu davlatimiz rahbarining yaqinda e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasidan olingan iqtibos.
O‘zbekiston oxirgi bir yilda ShHT makonida hamkorlikning birinchi sharti bo‘lgan o‘zaro ishonch ruhini uyg‘otish va mustahkamlash yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirdi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasini to‘liq amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Buni 80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitining kengaytirilgan tartibdagi majlisidagi nutqida dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchayganiga yana bir bor urg‘u berdi.
“O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda. Tashkilotimiz faoliyati shunday muloqotni amalga oshirish mumkinligini dunyoga namoyon etmoqda”, dedi davlatimiz rahbari.
Xavfsizlik
Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik muhitining ta’siri, avvalo, savdo-iqtisodiy sohalarda ko‘zga tashlanadi. Mana, dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar oxir-oqibatda savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarni yanada keskinlashtirmoqda.
Aytish joizki, sayyoramiz aholisi 8 milliard nafardan oshgan hozirgi paytda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mintaqaviy xavfsizlikdan kam ahamiyatga ega emas. Axir, dono xalqimiz topib aytganidek, “Tomoqni yamab bo‘lmaydi”. Buning ma’nisini to‘qchilikda ulg‘aygan bugungi avlod u qadar teran anglamas. Ammo yo‘qchilik va qahatchilik azobini totgan katta avlod esa o‘z tanalarida chuqur his etadilar... Chunki ular qorni och odam taomdan boshqa narsadan huzur-halovat topmasligini juda yaxshi biladilar.
Shukurki, bugun farog‘atchilik. Yurtimiz bozorlari-yu, katta-kichik marketlar iste’mol ne’matlari bilan to‘la. Biroq bu to‘kinlik xotirjamlikka asos bo‘la olmaydi. Butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, ayrim davlatlardagi siyosiy beqarorliklar, joriy etilayotgan iqtisodiy cheklovlar, eksportga qo‘yilayotgan chegalarlar — bularning oqibatida ko‘plab joylarda muhim iste’mol tovarlari yetishmovchiligi, narxlarining o‘sib borishi kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlar prognoz qilishlaricha, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi mumkin.
Hozirgi globallashuv va kuchli iqtisodiy integratsiya sharoitida global ahamiyatga ega bo‘lmagan masalalar deyarli yo‘q. Muammo qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, ta’siri, albatta, seziladi. Inchunun, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham.
Xalqaro agentliklar xabariga qaraganda, bu yilgi dehqonchilik mavsumida Yevropa mamlakatlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik va Ukraina inqirozi tufayli taxminan 3 million tonna don yo‘qotilgan. Qurg‘oqchilik oqibatida bug‘doy hosili Vengriya 11 foiz, Ruminiya 20 foiz, Bolgariya 11 foiz kamaygan. Fransiya, Polsha, Moldava va hatto Italiyada ham g‘alla hosilining katta qismi boy berilgani oydinlashmoqda.
Qishloq xo‘jaligida kuzatilgan yana bir muammo — azotli o‘g‘itlar taqchilligi va ularning narxi oshib ketganligidir. Bu nafaqat Yevropa, balki Osiyo mamlakatlarida ikkinchi ekin bo‘lgan sholi yetishtirish va uning hosiliga xavf tug‘dirmoqda. Masalan, Tailandda sholizorlarni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning imkoni bo‘lmayapti. Xitoy va Hindistonda ham deyarli shunga o‘xshash vaziyat. Bu kabi omillar ta’sirida dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi kutilmoqda. Ukrainadagi vaziyat esa buni yanada murakkablashtirishi turgan gap. Tasavvur hosil qilishingiz uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hisobotidan ayrim raqamlarni keltiramiz. Unda aytilishicha, shu paytgacha jahon bozoriga kungaboqar yog‘ining 46 foizi, bug‘doyning 9 foizi, arpaning 17 foizi, makkajo‘xorining 12 foizi Ukraina tomonidan yetkazib berilgan. Boshqacha qilib aytganda, kungaboqar yog‘i eksportining 73 foizi, bug‘doyning 33 foizi, arpaning 27 foizi Ukraina va Rossiya ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Hamon davom etayotgan Ukraina inqirozining jahon oziq-ovqat sanoatiga ta’siri nechog‘lik katta bo‘lishini, yo‘qotishlar ko‘lami qanchalik keng ekanligini endi o‘zining xomcho‘t qilib ko‘ravering.
Barqarorlik
Prezidentimiz ShHT Samarqand sammiti ishtirokchilarning e’tiborini ShHT maydonchasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha hali jiddiy hamjihatlik yo‘lga qo‘yilmaganiga qaratdi. Ya’ni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqishga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress-yo‘laklarni tashkil etishga chaqirdi. Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etildi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan takliflar ShHT mamlakatlarida iqtisodiy barqarorlik ta’minlash, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirishda g‘oyat muhim ekaniligi tufayli hozirdanoq dunyo hamjamiyati tomonidan olqishlana boshladi. Chunki O‘zbekiston ShHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdori. Bundan tashqari, har yili ShHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish, uning asosida yagona elektron platforma yaratish, O‘zbekistonda ShHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish kabi mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishga qaratilgan ko‘plab takliflar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, hamkorlikni rishtalarini mustahkamlash, pirovardida amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishishga xizmat qiladi.
Yana bir ahamiyatli tomonidan ShHT Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston ko‘plaba davlatlar bilan iqtidiyot, savdo-sarmoyaviy va logistika sohalari muhim kelishuvlarga erishdi. Bu haqda so‘z yuritilganda, «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama Bitim imzolanganini alohida ta’kidlash joiz. Negaki, mazkur loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘lar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni oshirish hamda savdo geografiyasini kengaytirishga misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samarali muzokaralaridan so‘ng savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.
Umuman olganda, ikki kun davom etgan ShHT Samarqand sammitida qabul qilingan hujjatlar, tashkilotga a’zo Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi uchrashuvi, kengaytirilgan tartibdagi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ijrosi mintaqaviy hamkorlik istiqbolida nurli ufqlarni ochishi, ShHT faoliyatida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Tabiiyki, bunda O‘zbekiston diplomatiyasining o‘rni va roli beqiyosdir.
Akademik Qalandar Abdurahmonov
Izoh qoldirish