Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko‘pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi – Prezident

Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko‘pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqot qildi.

– Toshkentda sifatli tibbiy xizmat va maktab ta’limiga qanday erishamiz? Meni shu savol qiynaydi. Sizlar bilan uchrashishdan maqsad – quyi tizimdagi masalalarni bilish, to‘g‘ri yo‘l tutish, – dedi davlatimiz rahbari.

2020 yil barcha sohalar uchun katta sinov bo‘ldi. Tibbiyot xodimlari ham, o‘qituvchilar ham yangicha shart-sharoitda ishlashiga to‘g‘ri keldi.

– Og‘ir sinovlar paytida birlashdik. Bu sinovlar bizni izlanishga majbur qildi. Shuning uchun natija bo‘ldi, – dedi Prezident.

Ayni paytda, pandemiya qaysi sohalarda oqsash borligini, islohot, rivojlanish yo‘nalishlarini ham ko‘rsatib berdi. Joriy yil 30 oktyabr kuni ta’lim-tarbiya tizimi, 6 noyabrda esa sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlari shu maqsadga qaratilgan edi. Ularda muhokama qilingan dolzarb masalalar va bildirilgan takliflar asosida ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish, birlamchi tibbiy muassasalar faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish bo‘yicha Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilindi.

Bugungi uchrashuvda ta’lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, ularni quyi tizimda amalga oshirish choralari haqida suhbatlashildi.

Shavkat Mirziyoyev aholi sog‘liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta’kidladi.

– Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko‘pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi, – dedi Prezident.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilg‘or tajribasini joriy etish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash bo‘yicha fikrlar bildirdi.

Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlari aholi salomatligi, yosh avlod kamolotida hamohang ekani ta’kidlandi.

– Tibbiyot va ta’lim – davlat va xalq o‘rtasidagi adolat ko‘prigi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. – Hammamiz o‘zimizni qiynab, halol bo‘lib, bu tizimlarni to‘g‘rilab olsak, ana shunda adolat ta’minlanadi. Xalqimiz rozi bo‘ladi. Toshkent bunda namuna bo‘lishi kerak.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar