SSV: “COVID-19” koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkin?

SSV: “COVID-19” koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkin?

Shu kunlarda ko‘pchilikda butun dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qator savollar tug‘ilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot fanlari doktori, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Botir Tadjiyevning koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkinligi to‘g‘risidagi mulohazalarini ma’lum qildi.

– Koronavirus infeksiyasining yashirin davri 2 kundan 14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi asosan odamdan odamga yaqin aloqa oqibatida yuz bermoqda. Uning alomatlari isitma, yo‘tal va nafas qisishi hisoblanadi, – deydi Botir Tadjiyev.

Virusni barcha yoshdagi odamlar yuqtirishi mumkin. Yoshi katta, surunkali kasallikka yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda kasallik og‘irroq kechishi mumkin. Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari mutaxassislari ushbu virusga qarshi yangi vaksina va davolash metodlarini yaratish ustida faol ishlashmoqda.

"Xastalikdan saqlanishda qo‘llarni yuvish muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, spirtli dezinfeksiyadan foydalanish ham zarar qilmaydi. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, uy hayvonlari oldidan qaytganda ham qo‘llarni yuvishni unutmaslik kerak. Ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan butun aholiga qo‘l yuvishning ahamiyati haqida sms xabarlar tarqatilayotganligining sababi ham ana shunda", deydi mutaxassis.

Botir Tadjiyev koronavirusni yuqtirib olmaslik yoki uning xavfini kamaytirish uchun avvalo, shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilgan odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan tiyilish kerakligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, yuzni qo‘l bilan ushlamaslikni, imkon qadar bozor, vokzal, katta do‘konlar kabi odamlar yig‘iladigan joylarga borishni kamaytirish kerakligi aytdi. Bundan tashqari yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz va burunni berkitish kerak.

Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling.

Mutaxassis ayrim holatlardagini himoya niqobini taqib yurishni, boshqa holatlarda zururat tug‘ilmasligini aytdi.

– Bilasizmi, sizda yo‘tal, nafas olishda qiynalish kabi respirator infeksiya alomatlari kuzatilsa, shuningdek, tibbiyot xodimi sifatida infeksiya alomatlariga ega bemorga qarayotgan bo‘lsangiz yoki borib ko‘rsangizgina tibbiy niqobni taqib yurishingiz mumkin. Respirator infeksiyasi alomatlari mavjud bo‘lmagan barcha holatlarda himoya niqoblarini taqib yurishga zarurat yo‘q.

Tibbiyot fanlari doktorining so‘zlariga ko‘ra, ovqat tayyorlayotganda, xom go‘sht va tayyor ovqatni kesish uchun alohida chopish taxtalari va pichoqlardan foydalanish zarur ekan. Go‘sht va sut mahsulotlarini ushlagandan keyin qo‘llarni yaxshilab yuvish esa muhim o‘rin tutadi. Go‘sht mahsulotlarini yaxshilab pishirish lozim. Xom yoki chala qaynatilgan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishdan saqlaning.

Safarga yo‘l olganda koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

– Avvalo, zarurat bo‘lmaganda xorijga chiqishdan cheklanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Safarga chiqqanda infeksiyadan saqlanish uchun yuqoridagi aytib o‘tilgan, umumiy gigiyenik qoidalarga qat’iy rioya qilishi kerak. Bunda avval, qo‘llarni spirtli nam salfetka yordamida tez-tez artib, sovunlab yuvib turish kerak. Sog‘ligingiz yomonlashsa, siz bilan safarga chiqqan guruh a’zolariga xabar qiling va imkon bo‘lishi bilan shifokorni ham xabardor eting. Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlardan yiroq bo‘ling, agar yuqoridagi alomatlar sizda sezilsa, safarni bekor qilganingiz ma’qul, – deydi Botir Tadjiyev.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar