Sud-huquq sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 239 ta masalaga joyida yechim topildi

Sud-huquq sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 239 ta masalaga joyida yechim topildi

Davlatimiz rahbari kelgusi besh yil uchun belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini, “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini izchil amalga oshirish, adolat va qonun ustuvorligini, har bir fuqaroning fundamental huquq-erkinliklarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini ta’minlashga xizmat qilish Prezident Xalq qabulxonalarining ham eng birlamchi vazifasiga aylangan. Bu jarayonda murojaatlar bilan ishlash faoliyati mutlaqo yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etilmoqda.

Shu ma’noda Xalq qabulxonalari Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabullarda ham har bir masalaga baho berishda qonuniylik, odillik va insonparvarlik tamoyillari asosiy mezon bo‘ldi. Qonunan haq bo‘lgan murojaatchilarning joyida hal qilish imkoni bor masalalariga shu yerda yechim topildi, muammosining huquqiy yechimini topolmayotganlarga bu masalaning qonuniy yo‘l-yo‘rig‘i tushuntirildi.

Qabullar davomida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas’ullari 229 ta murojaatni ko‘rib chiqib, ularning 189 tasiga yechim topdi. Ikki kunlik qabullar doirasida murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyatining tuman va shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 70 ta ish ko‘rib chiqilib, 69 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Muqaddam asossiz sudlangan 1 nafar shaxs oqlandi. Bundan tashqari, 36 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turiga almashtirildi. Bu bilan bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirgan, aybini tushunib, qilmishiga ming pushaymon bo‘lgan, albatta o‘z xatolarini tuzatishga astoyidil bel bog‘lagan bu fuqarolarga o‘z hayotini o‘nglab olishi uchun yana bir bor imkoniyat berildi.

Muloqotlar davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha aliment, merosdan ulush va ta’minot, moddiy va ma’naviy zarar undirish, buzilgan huquqlarni tiklashga oid 23 ta sud ishi tugatildi. Qariyb 656 million so‘mlik moddiy zarar jabrlanuvchilar foydasiga qoplanishiga erishildi. Bu sud ishi bo‘yicha nizolashayotgan tomonlar bilan suhbatlar o‘tkazilgani, ularning muammosi murosa-yu madora, o‘zaro kechirimlilik va yarashtiruv yo‘li bilan hal qilingani isbotidir.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘rib chiqilgan 77 ta masalaning 20 tasiga, Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari 49 ta murojaatning 25 tasiga joyida yechim topdi.

Muloqotlarda sud qarorlari ijrosi bo‘yicha ham murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Umuman, 2021 yilning o‘tgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Toshkent viloyatidan bu masalada 10 ming 617 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 6 ming 472 tasi qanoatlantirilgan. Ikki kun ichida esa 2 ta ish bo‘yicha 65 mln. so‘m undirib berildi.

Yana bir masala – o‘tgan besh yilda Toshkent viloyatida yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan ham fuqarolik olish masalasida minglab murojaatlar kelgani rost. Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan bu muammoning huquqiy yechimlari topib berilgach, joriy yilda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgach, bu masalani qonuniy hal qilish ancha yengillashdi. Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyatida 43 nafar murojaatchiga O‘zbekiston fuqaroligi berilib, ID-kartalar rasmiylashtirildi.

Mazkur ommaviy qabullarda ham fuqarolik olish haqida murojaat qilgan 7 nafar insonning masalasi joyida ko‘rib chiqilib, ularga ID kartalar rasmiylashtirilib berildi.

Muxtasar aytganda, Toshkent viloyatida ikki kun davomida sud-huquq sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 427 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 239 tasiga joyida yechim topildi, 43 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 145 ta masala bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar