Ta’lim yo‘nalishlari soni yana oshadi

Ta’lim yo‘nalishlari soni yana oshadi

Tadbirda Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisining ikkinchi kotibi Ilya Matveyev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mirzabek Hasanov, OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, MTTU MISiS Olmaliq filiali direktori Farhod Umarov va filialning biznes hamkorlari talabalarga katta hayot yo‘lida muvaffaqiyatlar tilashdi.

Tadbir avvalida oliygoh faoliyatini aks ettiruvchi videofilm namoyish etildi. MISiS rektori A.Chernikovaning talabalarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Tadbir mehmonlari tomonidan filialning “Metallurgiya” va “Ishlab chiqarishni va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish” yo‘nalishlari bo‘yicha 70 nafar bitiruvchiga bakalavr diplomlari topshirildi.

Bitiruvchilarning 13 nafari oliygohni a’lo baholarga tamomlashdi. Oliygoh bitiruvchilarining asosiy qismi yurtimiz korxonalariga ishga joylashgan bo‘lib, 30 foizga yaqini Rossiyadagi universitetda magistratura bosqichida o‘qishni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Oliygohning Olmaliq filiali Prezidentimizning 2018 yil 11 maydagi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, filial texnika va texnologiya sohasida mukammal mutaxassislar tayyorlaydigan ta’lim muassasasidir. “Metallurgiya” va “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish“ yo‘nalishlarining bakalavr bosqichi ilk qaldirg‘ochlari 2022 yilda uchirma bo‘lgan. Kon ishi mutaxassisligi bo‘yicha ilk bitiruvchilar 2024 yilda filialni tamomlagan.

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab mavjud “Metallurgiya” va “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish“ bakalavr yo‘nalishlari hamda “Kon ishi” mutaxassisligidan tashqari, yana ikkita – “Axborot texnologiyalari” va “Iqtisodiyot” mutaxassisliklari bo‘yicha abituriyentlar qabul qilinmoqda. Kelgusida esa “Energetika” mutaxassisligi bo‘yicha ham yoshlar o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning eng ilg‘or universitetlarining 14 filiali faoliyat ko‘rsatmoqda, yana 3 tasini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Dunyoning hech bir boshqa davlatida bundnay ko‘rsatkichlar yo‘q.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar