Talimarjon yanada obod go‘shaga aylandi

Talimarjon yanada obod go‘shaga aylandi

Davlatimiz rahbari asos solgan xalq bilan muloqot tizimi, kuchli insonparvarlik siyosati, ulkan bunyodkorlik harakati natijasida bugun mamlakatimizning eng olis, chekka nuqtalaridan biri – Nishon tumanidagi ko‘pmillatli Talimarjon shaharchasining ham yangi hayoti boshlandi. Qarshi shahridan 90 kilometr, Nishon tumani markazidan 50 kilometr uzoqdagi chegara hududda yagona ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek, turkman, tojik, rus, tatar kabi 17 millat vakillaridan iborat 11,5 mingdan ziyod talimarjonliklar mana shunday obodlik, yangilanish va yasharish to‘lqinini ancha yillar kutgani rost.

Ikki qavatli 100 ta uy, 400 o‘rinli madaniyat saroyi, bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari, yo‘l, suv, kanalizatsiya, tabiiy gaz va elektr tarmoqlarining butkul ta’mirlanishi, yangi-yangi binolar barpo qilinishi, 120 o‘rinli tikuvchilik korxonasi, 90 dan ziyod oilaga dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratilishi “Xalqimiz bugun o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi kerak” degan hayotbaxsh g‘oyaning yorqin amaliy isbotidir.

Shu bois ham Miroblar shahri yangi qiyofasining yaxlit ansamblini tashkil qiluvchi navbatdagi ob’yektlarni foydalanishga topshirish tadbirlari ham millatlararo do‘stlik festivaliga aylanib ketdi. Qashqadaryo zaminidan yetishib chiqqan san’at namoyandalari, madaniyat, teatr, kino va estrada vakillarining Toshkent shahridan mehmon bo‘lib kelishi esa nur ustiga nur bo‘ldi.

Prezidentimiz yo‘lga qo‘ygan xalq roziligi yo‘lidagi yaxlit tizim, puxta va aniq mexanizm natijasida Talimarjon dagi bu maskanga yana fayz qaytdi, nur indi. Mazkur ma’rifat, san’at va madaniyat koshonasi bugun Talimarjon da millatlar do‘stligini yanada mustahkamlovchi rishta o‘laroq o‘zining yangi davrini boshladi.

Markazning tantanalar foyesi shu kuni mo‘’jaz shahardagi turli millatlarning do‘stlik bayramiga, o‘xshash madaniyatlar, urf-odatlar va an’analar birlashgan katta san’at anjumaniga aylandi.

Tallimarjonga poytaxtimizdan mehmon bo‘lib kelgan san’atkorlarga “Obod markaz” loyihasi doirasida shaharda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, millatlararo do‘stlik muhiti haqida atroflicha so‘zlab berildi. O‘zaro suhbatlarda ham, katta konsert dasturida ham bir haqiqat bot-bot ta’kidlandi: davlatimiz rahbari asos solgan yangi bunyodkorlik harakati nafaqat chekka-olis hududlar qiyofasini, balki insonlar qalbini, ongu dunyoqarashini ham yangilamoqda. Mana shunday zamonaviy, muhtasham madaniyat markazi ostonasidan bir hatlab, konsert yo spektakl tomosha qilgan, ma’rifat anjumani mehmoni bo‘lgan har qanday inson albatta o‘z hayotini o‘zgartiradigan bir ulguga ega bo‘ladi.

Shu kuni madaniyat markazida maqom, baxshichilik, folklor, amaliy san’at to‘garaklari, yosh dasturchilar to‘garaklari, turli millatlar urf-odatlari, san’ati rivojlanishiga xizmat qiladigan madaniyat xonalari ish boshladi. Shu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z maktabini yaratgan yirik san’at namoyondalari esa bu to‘garaklarning ilk mashg‘ulotlariga muallimlik qildi.

Markazda 400 dan ortiq kitob fondiga ega axborot resurs markazi, jahon va o‘zbek adabiyotining 200 dan ziyod nodir namunalarini o‘zida mujassam etgan elektron kutubxona ham shaharcha aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun yana bir katta imkoniyat bo‘ldi.

Ezgu amallar bir-biriga ulandi. Shu kuni madaniyat markazida Talimarjon lik ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, “temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan uy-joysiz 16 nafar insonga – 16 ta oilaga doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan ham ta’minlangani to‘g‘risidagi sertifikat va orderlar topshirildi. Yangi uylar kalitlari esa tom ma’noda ularning yangi hayot yo‘li darvozasini ham ochib beradi.

Talimarjonning “Tinchlik” mahallasidagi foydalanilmay turgan 2 qavatli binoning rekonstruksiya qilinishi bilan og‘ir ijtimoiy ahvoldagi 16 ta oila boshpanali bo‘ldi. Deylik, 2-guruh nogironi Burhon Bo‘riyev oilasi va 2 nafar farzandi bilan ijarama-ijara sarson yurgan bo‘lsa, endi Prezident Xalq qabulxonasi va sektorlar hamkorligida uning uy-joy masalasi hal qilib berildi. Ikki xonali turar-joy ular uchun najot qal’asi bo‘ldi. Yoki shu vaqtga qadar voyaga yetmagan 2 nafar farzandi bilan ota uyida 3 ta oila bilan siqilibroq kun kechirgan Nilufar Odinayeva ham mamlakatimizdagi insonparvarlik siyosati bois doimiy turar-joy bilan ta’minlandi.

“Obod markaz” loyihasi doirasida Talimarjon shahridagi ikki qavatli 100 ta uy-joy bosh-oyoq kapital ta’mirlandi. Yaqin-yaqingacha shu uylarda bulutli havodan-u tomdan chakka o‘tishidan yuragi zada bo‘lib ketgan qariyb 1,3 mingta oila vakillari bugun qor-yomg‘irni nihoyat fayz-baraka inoyati sifatida qabul qiladigan bo‘ldi. Bu uylar rekonstruksiyasi bilan birga shaharda 10-15 yildan buyon ishlamayotgan kanalizatsiya tarmog‘i ham ta’mirlanib, ishga tushirildi.

Miroblar shaharchasiga obi hayot yetkazib beradigan tizim 40 yil deganda rekonstruksiya qilindi. Eskirgan 4 ta nasos yangilandi, har biri 2 ming metr kub suv sig‘imiga ega 2 ta suv to‘plash-tarqatish inshoati ta’mirlandi. Shaharga suv eltuvchi 9,6 km. magistral, 59,6 km. ichki tarmoq ta’mirlandi. Natijada shahar aholisi to‘liq ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlandi, ilk marta 2 qavatli uylarga obi hayot kirib bordi.

Transformatorlarning bittasi yangilanishi, 18 tasi ta’mirlanishi bilan elektr energiyasi ta’minoti ham barqarorlashdi. Shahardagi barcha gaz tarmoqlari tartibga keltirilib, joriy ta’mirlangach, “zangori olov” piligi ko‘tarildi. Talimarjon ga kirib keluvchi 12 km. yo‘l esa ta’mirlandi.

Uylar atrofi obodonlashtirilib, bolalar maydonchalari, ayvonchalar, shinam tandirxonalar qurildi. Bu bilan shaharning chiroyi ochildi, odamlarning qalbi ham quyoshdek yorishib ketdi. Shaharga yana zamonaviy turmush madaniyati qaytdi.

Qirq besh yil avval cho‘lquvarlar karvonida Talimarjon shahrini barpo qilish uchun turmush o‘rtog‘i bilan Tojikistondan ko‘chib kelgan Galiya Nazarova ham bugun necha yillik orzu-armonlari ushalganini aytib charmaydi.

Shahar hayotidagi yana bir yangilik – “temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun 120 ish o‘rniga ega “Talimarjon baraka chevarlari” korxonasi ish boshladi. Toshkentdan gastrolga kelgan 30 dan ziyod san’atkorlar esa mazkur korxonaning ilk mehmonlari bo‘lishdi. Kiyim tanlash bobida anchayin didi nozik san’atkorlar ham Talimarjon lik chevarlar mehnatiga yuqori baho berdi.

Talimarjonda Nishon tumani davlat xizmatlari markazi filiali qurilib, foydalanishga topshirilishi bilan hudud aholisi bir hujjat uchun 50 kilometr yo‘l bosib tuman markaziga borib-kelish azobidan qutildi. E’tiborlisi, shahar va uning atrofidagi mahallalarda yashovchi qariyb 33 ming aholi shu yerda davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

“Obod markaz” loyihasi doirasida hududdagi ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti ham rekonstruksiya qilindi. Xususan, o‘ttiz uch yil avval qurilgan 19-maktabgacha ta’lim tashkiloti bosh-oyoq ta’mirlangach, bolalar qamrovi 150 o‘rindan 240 o‘ringa oshdi. Shahardagi 150 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika va 40 o‘rinli shifoxona ham 40 yil deganda ta’mirlanishi bilan Talimarjon liklarga shu yerning o‘zida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilmoqda.

Ikki qavatli uylar atrofidagi 9 gektar yer o‘zlashtirilib, “temir daftar”ga kiritilgan 90 dan ziyod oilaga dehqon xo‘jaligi uchun ajratib berilgach, shuncha oila ro‘zg‘origa ham baraka kirdi.

Shahardagi bayram sayllari kechga qadar davom etdi. Ayniqsa, mahobatli madaniyat markazi binosi atrofi anchayin gavjum bo‘ldi. Biz ham kun bo‘yi shahar aylanar ekanmiz, Talimarjon dagi subhidamdan to shom qorong‘usigacha bo‘lgan muddatdagi taassurotlarimizdan bir xulosaga keldik: davlatimiz rahbarining insonparvarlik, xalqparvarlik siyosati bois bugun Talimarjon shahri ham chin ma’noda cho‘l poytaxtiga, janub javohiriga evrilmoqda. Miroblar shahrining yangi tarixi bunyod qilinishi, bu yerda eng birlamchi hayotiy ehtiyojlarni ta’minlash uchun barcha infratuzilma yaratilayotgani bilan esa Talimarjon har bir investor uchun jozibador hududga ham aylanmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar