QHTBT portalida rejalashtirilayotgan eksportyorlar va importyorlardan jarimalarni undirishning amaldagi tartibini o‘zgartirish muhokama qilinmoqda.
Gap chet ellardan xorijiy valyutadagi tushumning kelib tushishi muddatlarini kechiktirishga yo‘l qo‘ygan eksportyorlar, tovarlarning olib kirilishini va ularning “Erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirilishini, ishlar va xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlanmagan importyorlarga qo‘llanadigan sanksiyalar xususida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, jarimalar ko‘rsatilgan majburiyatlar belgilangan muddatdan keyin 30 bank kunidan ko‘proq muddatda (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari uchun - 60 bank kunida) bajarilmaganda undiriladi (Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizomning 13,14-bandlari).
Hozirgi kunda jarima uch bosqichda undiriladi: muddatlardan 180 kun kechiktirilgan hollarda – 10%, 180 kundan 365 kungacha - qo‘shimcha 20%, 365 kundan ortiq - qo‘shimcha 70%. Bunda kelib tushmagan valyuta summasi (eksportyorlarda), o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan tovarlar, bajarilmagan ishlar, ko‘rsatilmagan xizmatlar qiymati (importyorlarda) hisobga olinadi.
Amaldagi tizimni ikki pog‘onali tizimga almashtirishni taklif etishmoqda: 180 kungacha – 40%, 180 kundan ortiq - qo‘shimcha 60%. Pirovard natijada, ikkala holda ham jarimalarning umumiy miqdori 100%ni tashkil etadi (hozir – 10%+20%+70%; taklif qilinmoqda -40%+60%, tahr.). Biroq, undirish mexanizmiga tuzatish kiritish oraliq bosqichlar kesimida ancha o‘zgarishlarga olib keladi:
- 180 kungacha kechiktirilganda – jarima 4 baravar oshadi (10%dan 40%gacha);
- 180 kundan 365 kungacha kechiktirilganda – 3,4 baravar (jami 30%dan 100%gacha).
Majburiyatlarni kechiktirish muddati | Jarima miqdori | |
amaldagi tizim | taklif qilinayotgan tizim | |
180 kungacha | 10% | 40% |
180 kundan 365 kungacha | +20% | +60% |
180 kundan ortiq | +70% | — |
Jami: | 100% | 100% |
Shuningdek, eslatib o‘tamiz, yaqinda joriy etilgan qoidalarga ko‘ra, ko‘rsatilgan sanksiyalarni oldini olish va hatto undirilgan jarimalarni qaytarish mumkin.
Izoh qoldirish