Timur Ishmetov: Davlat qarzi – bu har qanday davlatning, davlat iqtisodiy siyosatining ajralmas va muhim qismidir

Timur Ishmetov: Davlat qarzi – bu har qanday davlatning, davlat iqtisodiy siyosatining ajralmas va muhim qismidir

Davlat qarzi – bu har qanday davlatning, davlat iqtisodiy siyosatining ajralmas va muhim qismidir.

Bu haqda Moliya vaziri Timur Ishmetov Wyndham mehmonxonasida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) tomonidan tashkil etilgan “Davlat tashqi qarzi: qarz mablag‘larini sarflash yo‘nalishi va loyihalarning samaradorligi” mavzusidabo‘lib o‘tdi brifingda ta’kidladi.

Tadbirda bir qator vazirlik va idoralar, iqtisod va moliya, investitsiyalar va tashqi savdo, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport vazirliklari, “O‘zkimyosanoat” va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari, tashkilotlar tarkibiy bo‘linmalarining 100dan ortiq vakillari, mamlakat parlamentining quyi palatasi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda nodavlat teleradiokanallari – O‘zEOAVMA a’zolari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi asosiy masala – O‘zbekiston Respublikasining tashqi davlat qarzini shakllantirish jarayoni, uning dinamikasi va tuzilishi, loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra davlat tashqi qarzining hajmi 21,1 mlrd. dollarni yoki YaIMning 36,5 foizini tashkil etdi. So‘nggi yillarda o‘sishga qaramay, xalqaro standartlarga muvofiq, mamlakatimizning davlat tashqi qarzi o‘rtacha darajada saqlanib qolmoqda. Davlat tomonidan olingan qarz mablag‘lari, asosan, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari – energetika, transport, muhandislik va kommunikatsiya, kimyo, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan", dedi Moliya vaziri Timur Ishmetov.

Brifingda bir qator vazirlik idoralar qatori “O‘zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamaxmudov so‘zga chiqib, kimyo sanoatini rivojlantirish uchun davlatning tashqi qarzi hisobidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Jumladan, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimi korxonalarida tashqi qarz mablag‘larni jalb qilish hisobiga umumiy qiymati 2,4 mlrd. dollarga teng bo‘lgan 7 ta investitsion loyiha amalga oshirilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Loyihalarning moliyalashtirish manbalari:

- davlat kafolati ostida xorijiy mamlakatlar moliyaviy institutlaridan 1 473,9 mln. dollar (61%);

- tijorat banklari hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 689,6 mln. dollar (29%);

- kimyo sanoatini rivojlantirish jamg‘armasidan 20,8 mln. dollar (1%);

- jamiyatlar o‘z mablag‘lari hisobidan 229,5 mln. dollar (9%).

Jalb qilingan mablag‘larning 69 foizi “Navoiyazot” AJda Ammiak va karbamid majmuasini barpo etish, Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasini qurish va Polivinilxlorid (PVX) kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini amalga oshirish uchun sarflandi. Mablag‘larning 10 foizi “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi” AJning qurilishiga, 15 foizi “Birinchi rezinatexnika zavodi” MChJ qurilishiga, 6 foizi esa “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan.

Loyihalarni amalga oshirilishi hisobiga 5743 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 636 mln. dollar mahsulotlar ishlab chiqarildi, 384,5 mln. dollar mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi hamda 104 mln. dollar soliq to‘lovlari to‘lab berildi.

“Navoiyazot” AJda investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi hisobiga mahsulotlar tannarxida energiya resurslar ulushi 65-70 foizdan 25-30 foizgacha pasaytirildi. Elektr energiya iste’moli 25 foizga qisqartirilib, kunlik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 8 mlrd. so‘mdan 16 mlrd. so‘mgacha oshirildi.

Polivinilxlorid (PVX) mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga quyilishi natijasida 55 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, import 50 mln. dollarga qisqartirildi. 2021 yilda 75 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, 70 mln. dollarga import qisqartirilishi kutilmoqda. PVX xom-ashyoni qayta ishlash evaziga iqtisodiyotda 200-210 mln. dollarlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Ammiak va karbamid va azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasini ishga tushirilishi hisobiga 15 mln. dollarga teng bo‘lgan 31 ming tonna karbamid va 40 ming tonna qo‘shimcha ammiakli selitra mahsuloti ishlab chiqarildi. Har kuni esa 4 ming tonna azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarilmoqda. 2021 yil mavsumiga 80 mln. dollarlik 180 ming tonna karbamid, 200 ming tonna ammiakli selitra iste’molchilarga yetkazib beriladi.

Bugungi kunda “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan mazkur loyihalardan tashqari 2021-2030 yillar mobaynida umumiy qiymati 11,8 mlrd. dollarga teng bo‘lgan 48 ta investitsiya loyihalari amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tadbir ishtirokchilari – mamlakatimizdagi nodavlat teleradiokanal vakillari uchrashuvning ijobiy natijalarini qayd etdilar va bunday ixtisoslashtirilgan brifinglar doimiy ravishda o‘tkazilib borishi zarurligini ta’kidladilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar