Vaqt allamahal bo‘lishiga qaramay, ko‘zga uyqu kelmaydi. O‘ychanligim, ruhimdagi siniqlik bolalarimga o‘tmasin deyman... Ular axir go‘dak, men esa onaman! Shu tobda orom olayotgan farzandlarimga qarab o‘tirib, tug‘ilganidan yurtma-yurt kezib qochoq nomini orqalab, jajji yuragi bilan ulkan va vahshatli dunyoning yukini ko‘tarib yurgan bolalar qanday uxlarkin, deb o‘ylab qolaman. Kattalarning ayanchli, ur-to‘polon, sarson-sargardon hayoti orasida chalishib, horib, hech qursa uyqusida bolaga o‘xsharmikin ular?..
Urush haqidagi filmlarni ko‘rsam, har safar tinchlik bilan otayotgan tongimizga, osoyishta botayotgan shomimizga shukur qilaman. Zero, urush ko‘rmagan bizning avlod shukurki, bu dahshat va uning ko‘rgiliklarini faqat tarixiy kitoblar, u haqdagi kinofilmlardan his etamiz.
Shunday kinoasarlardan birida ikki totuv qabilani birin-ketin yengish maqsadida, g‘anim qo‘shni qabila kishisiga do‘stining kamonidan o‘q uzadi. Qabila nomi bitilgan nayzadan halok bo‘lgan yigitni ko‘rgan qavm ko‘ksida birdan qasos olovi gurkiraydi. To bu fitna, dushmanning o‘ylangan puxta tuzog‘i ekanligini anglab yetishgunicha, ikki el, ikki do‘st ancha yo‘qotishlarni, qaro kunlarni boshdan kechiradi.
Bugun azim Qoraqalpoq zaminida bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizliklar, to‘polonlar aslida ana shu berkinib nayza otmish g‘animlarning ishi ekanligini, ikki qardosh birodarligini ko‘rolmayotganlarga birgalashib zarba berishligini o‘z vaqtida anglab yetish o‘ta muhim.
Urush hech bir zamonda yaxshilik va yoki boylik olib kelmagan. U faqat va faqat yo‘qotishlar, asrlarga ta’tigulik anduh va armonlar keltirgan. Bugun bir daryoning suvini ichib, bir tuproqda katta bo‘layotgan elni faqatgina birlik, buyuk Turon birligi asrab qola oladi!..
Shundagina bolalarimiz xushlari va tushlarida ham bolaga o‘xshaydi...
Nargiza Asad
Izoh qoldirish