Topshiriqlar ijrosi ta’minlandi

Topshiriqlar ijrosi ta’minlandi

Davlatimiz rahbari joriy yil 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘qon shahridagi murojaatlar tahlili asosida aholi muammolarini chuqur o‘rganish va hal qilish borasida qator vazifalar belgilangan edi. Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar mas’ullaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi faoliyati natijasida birgina Qo‘qonda 33 ta ta’lim muassasalari binolari ta’mirlanib, bolajonlar foydalanishiga topshirildi.

Mingtut” mahallasidagi ming o‘rinli 9-umumta’lim maktabi ham ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgandi. Bir-bir yarim oy nari-berisida bu bilim dargohi ham yangi o‘quv yiliga puxta hozirlab berildi. Bu bilan mazkur hududdan Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda tilga olingan eng katta tizimli masala hal qilindi.

Mazkur dargohlarning tantanali ochilish marosimlarida Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev keng ko‘lamdagi ushbu bunyodkorlik ishlari orqali yoshlarning iste’dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda hayotda o‘z o‘rinlarini egallashlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan munosib imkoniyatlar yaratib berilganligini ta’kidladi. Endilikda o‘quvchilarga maktab davrida yaxshi o‘qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi, chet tillarni o‘rganish, kompyuter texnologiyalari va aniq fanlarni chuqur o‘rganish lozimligi alohida qayd etildi.

Prezidentimizning tashrifidan so‘ng Qo‘qonda yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar ichki imkoniyatlar hisobidan ta’mirdan chiqarilgan muassasalarning 15 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.

Xususan, kuni kecha “Sobir Abdulla”, “Kalvak guzar”, “Shirin” mahallalarida yangilangan bolalar bog‘chalari foydalanishga topshirildi. Agar inson hayoti davomida to‘plagan bilimlarining 70 foizini maktabga borgunicha olishini inobatga olsak, bu amaliy harakatlar Yangi O‘zbekiston asosi bo‘lgan “Inson qadri uchun!” g‘oyasining hayotimizdagi ijobati ekaniga amin bo‘lamiz.

Respublika ishchi guruhi mas’ullari faoliyati bilan Qo‘qon shahridagi ta’lim muassasalarining nainki tashqi qiyofasi yangilandi, balki ular zamonaviy asosda ham to‘liq jihozlandi. Davlat boshqaruvi akademiyasi mutaxassislarining o‘quv mashg‘ulotlarida pedagoglarning bilim-tajribasi mustahkamlandi. Bularning barchasi esa ta’limning o‘ziga xos “Qo‘qon tajribasi”ni yaratishga asos bo‘lmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar