Prezidentimizning yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va tibbiyot vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarida kassalliklarni davolashdan ko‘ra ularni oldini olish ancha samarali va oson ekanini va yaxshi natija berishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Bugungi kunda og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, jumladan tish kariyesi yer yuzida eng keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lib, dunyo aholisining 95-98% kariyes bilan zararlanishi tasdiqlangan. Kariyesga qarshi ko‘plab profilaktika usullari ishlab chiqilganligiga qaramasdan, dunyo aholisi orasida, ayniqsa bolalar o‘rtasida og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, jumladan kariyes bilan zararlanish holatlari ko‘p uchramoqda.
Toshkent davlat stomatologiya instituti dotsenti, tibbiyot fanlari doktori, innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i, bolalar terapevt – stomatologi Baxtinur Xudanov ta’kidlashicha, maktab yoshidagi bolalarda kariyes sut va doimiy tishlarda kattalarga nisbatan tez kechadi, bir – bir yarim yilda tish yemiriladi, tezda asoratlar rivojlanadi, ba’zan yemirilish plomba ostida ham davom etadi.
Shu bilan bir qatorda, bolalar o‘rtasida kariyesning tarqalishini aniqlashga bag‘ishlangan kompleks izlanishlar, profilaktika sohasida olib borilgan ilmiy ishlarning nisbatan kamligi va bu sohani zamonaviy talablarga mos tizimlar bilan boyitish lozimligini taqozo etmoqda.
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy va amaliy ishlarni muvofiqlashtirish, aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirish, profilaktik chora – tadbirlarni takomillashtirish maqsadida, Toshkent davlat stomatologiya instituti va Germaniyaning Vitten/Xerdekke universiteti olimlari Respublikamizdagi stomatologik vaziyat xaqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish hamda innovatsion profilaktik tizim yaratish uchun mo‘ljallangan ilmiy–amaliy loyixa dasturini ishlab chiqdi.
Angliyaning "Borrow" jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida stomatologiya instituti va Germaniyadagi hamkor universitet olimlari mazkur loyiha bilan muvaqqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lishdi, deydi t.f.d., institut rektori Nodir Xaydarov.
Loyiha doirasida respublikamizdagi 7 va 12 yoshli maktab o‘quvchilarida og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining tarqalishi, jadalligi ko‘rsatkichi, xududlardagi ichimlik suvlarida ftor ioni miqdori va mazkur holatning bolalar antropometrik ko‘rsatkichlariga bog‘liqligini o‘rganiladi va amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Loyiha xalqaro grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, institutning 40 ortiq professor-o‘qituvchilari tomonidan 12 000 ortiq maktab o‘quvchisini xalqaro meyyorlar asosida kengaytirilgan stomatologik ko‘rikdan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Mazkur loyiha dolzarbligi, ilmiy va amaliy ahamiyati uyg‘unligi bois Innovatsion rivojlanish vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qo‘llab quvvatlangan.
Izoh qoldirish