Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonalari boshchiligidagi 20 dan ziyod vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Toshkent viloyatida davom ettirdi.
Ishchi guruh tomonidan bir hafta davomida Toshkent viloyatida aholi kayfiyati bilan bog‘liq dolzarb muammolarni o‘rganish va ularni imkon qadar joyida tezkorlik bilan hal etish masalalari bilan shug‘ullandi.
Xususan, Prezident maslahatchisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligidagi guruh viloyat bo‘yicha aholidan kelib tushgan 10 mingga yaqin hal etilmagan murojaatlar qayta ko‘rib chiqilib, shularda 2 mingga yaqin murojaatlar o‘z ijobiy yechimni topdi. Qolgan qismi qayta o‘rganishga berilib, nazoratga olindi.
Hal etilgan murojaatlarning aksariyat qismi sud, oila va xotin-qizlar, tibbiy yordam, pensiya, maktabgacha va maktab ta’limi, kredit olish, aliment to‘lovlari, yo‘llar ta’miri, yo‘l belgilarini o‘rnatish, gaz, elektr, suv ta’minoti kabi masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.
O‘tkazilgan sayyor sudlar natijasida 68 nafar shaxs jazoni o‘tash muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi, 67 nafar shaxsning o‘talmay qolgan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 14 nafar shaxslar sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 3 ta fuqarolik ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan ish yuritishdan tugatildi.
Bundan tashqari, 122 ta ish bo‘yicha jami 45,2 mlrd. so‘m tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga undirildi, aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 747,6 mlrd. so‘m mablag‘ undirib berildi.
Murojaatlar asosida qo‘shimcha 93,1 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi, 2 km elektr tarmog‘i tortildi, 73 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 8 ta transformator ta’mirlandi, 15 km yo‘llar va 1 ta ko‘prik ta’mirlandi.
Shu bilan birga Xalq qabulxonalari boshchiligida viloyat, tuman, shahar sektor rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, 456 ta masala ko‘tarildi. Shulardan 302 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 154 ta masala ijrosi nazoratga olindi.
Kelib tushgan murojaatlar asosida 8 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 1 km yo‘l asfalt qilindi, 3 ta yangi transformator ta’mirlandi, 10 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 8 km ichimlik suvi tarmog‘i yangidan tortildi, 4 ta ichimlik suvi ishooti ta’mirlandi.
Tadbirlar doirasida viloyat aholisi uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Natijada, 540 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 66 nafar bemorlarga tuman, shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun yo‘llanma berildi.
O‘rganish natijalari vazirlik, idoralar mas’ullari va sektorlar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish maqsadida aholi uchun dolzarb bo‘lgan respublika idoralari darajasida hal etilishi talab etiladigan masalalar ro‘yxati shakllantirildi.
Respublika ishchi guruhining navbatdagi manzili Xorazm viloyati.
Izoh qoldirish