Joriy yilning 29–30 sentyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston Iqtisodiy Forumi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur Forum O‘zbekistonda islohotlarning yangi bosqichida ilk bor o‘tkazilishi hamda kun tartibida belgilangan masalalarni muhokama qilish uchun Xalqaro moliya institutlari vakillarini, dunyoning taniqli kompaniya va tashkilotlarini o‘zida mujassamlashtirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Forumda xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumatlar, yirik banklar va investorlar, konsalting va audit firmalardan iborat yuzdan ortiq tashkilotlarning uch yuzdan ortiq yuqori martabali vakillari ishtirok etmoqdalar. Jumladan:
Nufuzli mehmonlardan:
- Jahon banki Vitse-prezidenti – Anna Berde;
- Osiyo taraqqiyot banki Vitse-prezidenti – Shiksin Chen;
- “Goldman Sachs Asset Management” kengashi sobiq raisi – Jeyms O’Nil;
- “Rothschild&Co” vitse-prezidenti, kuzatuv kengash raisi – Erik de Rotshild;
Xorijiy hukumat vakillaridan:
- MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi – Sergey Lebedev;
- Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri – Fayziddin Qahhorzoda;
- Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmati rahbari – Daniil Yegorov;
- Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy taraqqiyot vaziri o‘rinbosari – Dmitriy Volvach;
- BAA Statistika va raqobatbardoshlik qo‘mitasi raisi – Hanan Ahli;
- Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari – Saxib Alekperov;
- Belarus Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari – Dmitriy Yaroshevich.
Investorlar, yirik banklar, konsalting va audit firmalari:
- Investorlar: “Veolia”, “OTP Bank”, “Coca Cola Icecek”, “TBC Bank”, “Total Eren”, “Acwa Power”, “Masdar”, “EdF”, Sovkombank, Ekspobank;
- Yirik banklar: “Rothschilds”, “Lazard”, “JP Morgan”, “Citi”, “SocGen”, “Raiffeisen Bank”, “Deutsche Bank”, “Mizuho”, “Natixis”, Gazprombank, VTB;
- Konsalting va audit firmalari: “McKinsey”, “BCG”, Big 4 auditorlar.
Bugungi Forumda 1300 dan ziyod mahalliy va xorijiy iqtisodchilar, hamkor davlatlar vakillari, xalqaro moliya institutlarining qiziqish bildirib ro‘yxatdan o‘tgani yurtimizda keng miqyosda olib borilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlarning jahon hamjamiyati nazarida ekanidan dalolat beradi.
Ikki kun davom etadigan Xalqaro Forum yalpi yig‘ilish bilan boshlanib, yuqoridagi nufuzli mehmonlar ishtirokida iqtisodiy islohotlarning sarhisobi muhokama qilindi. Mazkur Forumning ikki kunlik dasturidan jami o‘n to‘rtta seksiya joy olgan bo‘lib, unda davlat korxonalari va banklar transformatsiyasi, xususiylashtirish, kapital bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik istiqbollari kabi mavzular qamrab olingan.
Shuningdek, nufuzli “Financial Times” nashri bilan “Raqobatbardoshlikni oshirish uchun iqtisodiyotni erkinlashtirish” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tadi va “Financial Times” nashrining onlayn platformalari orqali jonli efirga uzatiladi.
Mazkur tadbirni “Financial Times” nashrining “fDi Intelligence” muharriri Yakopo Dettoni olib borib, unda O‘zbekiston hukumati vakillari bilan birga YeTTBning sobiq prezidenti Suma Chakrabarti, Xalqaro moliya korporatsiyasi Vitse-prezidenti Hela Sheyxruxu, Adelaida universiteti professori Richard Pomfret hamda Uzavtomotors bosh direktori Bo Andersen ishtirok etadi.
Qaysidir ma’noda O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar va boshqa xorijiy hamkorlar uchun islohotlarni amalga oshirish, global tashabbus va g‘oyalarni muhokama qilish va amalga oshirish bo‘yicha “chorraha”ga aylandi.
Qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay so‘nggi besh oy davomida Jahon banki Vitse Prezidenti Anna Berdening ikki marotaba, Osiyo Taraqqiyot banki Vitse prezidenti, Rotshild kompaniyasi Vitse prezidenti va boshqa ko‘plab xalqaro moliya institutlari, investitsiya banklari, xalqaro konsalting kompaniyalari va hamkor davlatlarning yuqori martabali vakillarining ishtiroki buning yaqqol isboti bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Forum davomida iqtisodiy islohotlar natijalari bo‘lgan ellikdan ortiq muhim shartnomalar va kelishuv hujjatlari tantanali ravishda imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Forumning ikkinchi kunida bir qator kelishuv va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. Forumning yopilish marosimi ikki kunlik muhokamalar natijasida xalqaro va milliy ekspertlarning kelgusi iqtisodiy islohotlar bo‘yicha fikrlari umumlashtiriladi.
Yuqori darajali xalqaro va mahalliy iqtisodchi-moliyachilar, xalqaro konsalting hamda nufuzli banklar dunyo bo‘yicha biznes-moliya yetakchisi “Financial Times”da ilk bor onlayn-virtual tarzda O‘zbekiston Hukumati bilan olib borilgan suhbatda “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar” dunyo bo‘yicha ochiqlanib borishi va Prezident Shavkat Miromonovich tomonidan olib borilayotgan islohotlarning tan olingan yangi g‘oyalar uchun keng sharoitlar yaratib borilishi barcha uchun yangi zamin yaratilganligining isbotidir.
Mamlakatda ilk bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Iqtisodiy forumi – Yangi O‘zbekistonning yangi davrida yashayotganidan dalolatdir.
Izoh qoldirish