Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kutilayotgan svetoforlarsiz yo‘l qurilishi nihoyalab qoldi

Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kutilayotgan svetoforlarsiz yo‘l qurilishi nihoyalab qoldi

Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kutilayotgan ushbu ob’yekt bitishini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kutyapti. Qurilishi 2018 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha O‘zbekistondagi dastlabki uch pog‘onalik transport yechimi hisoblanadi. Yana bir e’tiborli tomoni shuki, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo‘lmaydi. Avtomobillar barcha yo‘nalishda to‘xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi olinadi.

Xalqasimon yo‘l harakati tashkil etiladi

Ohangaron va Parkent ko‘chalari umumiy uzunligi 502 metr bo‘lgan tunnel uslubidagi yo‘l o‘tkazgich bilan bog‘lanadi. Tunnelning kengligi 26,7 metr, ko‘prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi. Loyihaning ikkinchi pog‘onasida 2 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329,2 metrli xalqasimon yo‘l harakati tashkil etilmoqda. Uchinchi pog‘onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat.

Qurilish ishlari yakuniga yetib qoldi

Mazkur bunyodkorlik ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi “Ko‘prikqurilish tresti” UK tomonidan olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib uchala pog‘onada ham beton yotqizish ishlari tugatilgan bo‘lib, yer osti va estakada yo‘nalishining ikki tomoniga piyodalar yo‘laklari qurildi va bordyurlar o‘rnatilib chiqildi. Ayni paytda loyihaning uchinchi pog‘onasidagi piyodalar yuradigan yo‘laklardagi beton to‘siqlarga ko‘rkam metall konstruktsiyalari o‘rnatilib, asfalt bilan qoplanmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi tarmoqlari ham tortilib, yoritish tizimi uskunalarini o‘rnatishga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar