Markaziy Bank pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini e’lon qildi

Markaziy Bank pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini e’lon qildi

Inflyasion targetlashga o‘tish orqali pul-kredit siyosatini amalga oshirishning 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari

Pul-kredit siyosatining 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 noyabrdagi PF-5877-sonli “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

Joriy makroiqtisodiy holat, jumladan, inflyasiyaning amaldagi dinamikasi va prognoz ko‘rsatkichlari, shuningdek, barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zaruriyati Markaziy bank tomonidan narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq va yanada ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan, mazkur hujjatni ishlab chiqishda, Markaziy bank tomonidan asosiy e’tibor tarkibiy islohotlarning yangi bosqichiga o‘tish davrida inflyasion targetlash rejimini faol tadbiq etish orqali pul-kredit siyosati sharoitlarini belgilashga qaratildi. Bunda:

2023 yildan inflyasiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli ko‘rsatkichi (targeti);

2021 yilda inflyasiyani 10 foizgacha pasaytirish maqsadi belgilandi.

Kelgusi yillarda inflyasiyaning doimiy va oraliq targetiga erishishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish uchun asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishda iqtisodiy rivojlanishning joriy dinamikasini saqlanib qolinishi, tarkibiy islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining biroz sekinlashi kabi omillarga asoslanildi.

Iqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiga ko‘ra 2020 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmining real o‘sishi 5,2-5,5 foizni tashkil etishi, 2021-2022 yillarda 5,5-5,8 foizgacha tezlashishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar qoldig‘ining o‘sish sur’atlari YaIM nominal hajmini o‘sish sur’atlariga mutanosib ravishda, jumladan, 2020 yilda 20-25 foiz atrofida (valyuta kursi o‘zgarishlarini hisobga olmaganda) bo‘lishi kutilmoqda.

Soliq-byudjet sohasida umumiy fiskal balans taqchilligining ma’lum miqdorda qisqarishi hamda davlat tashqi qarzining belgilangan parametrlar doirasida shakllanishi kutilmoqda. Umumiy fiskal balansning 2020 yilda YaIMga nisbatan 2,7 foizdan oshmasligi, 2022 yilga qadar bosqichma-bosqich 1,5 foizgacha pasayib borishi va kelgusi yillarda ushbu darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Qat’iy pul-kredit siyosati yuritilishi va fiskal balans taqchilligining qisqarib borishi sharoitida xususiy va xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi iqtisodiy o‘sishning prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishiga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra kelgusi yillarda to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobvarag‘i manfiy saldosi YaIMga nisbatan 2020 yildagi 7 foizdan 2022 yilda 5,9 foizgacha pasayib boradi. Ushbu taqchillikning asosan tashqi moliyaviy manbalar, xususan, investitsion resurslar hisobidan qoplanib borishi natijasida valyuta almashuv kursiga sezilarli devalvatsion bosimni yuzaga keltirmasligi kutilmoqda.

Asosiy ssenariy bo‘yicha yillik inflyasiya darajasi 2020 yil oxirida 12-13,5 foiz oralig‘ida bo‘lib, 2021 yilda bir xonali son darajasiga tushadi va 2023 yilda esa asosiy 5 foizlik targetga erishiladi.

Ushbu ssenariyga ko‘ra, tashqi iqtisodiy sharoitlarning joriy tendensiyalari saqlanib qolib, asosiy savdo hamkor davlatlar iqtisodiyotida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelmaydi hamda asosiy eksport tovarlari narxlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalar o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qoladi.

Prognozlarga ko‘ra inflyasiya bo‘yicha doimiy maqsadli ko‘rsatkichga erishish maqsadida pul-kredit siyosatining qat’iy sharoitlari saqlanib qolinadi va bunda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalar ta’minlanadi.

Asosiy yo‘nalishlarda inflyasion targetga erishish va pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyasion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha chora-tadbirlar batafsil yoritilgan. Xususan:

operatsion mexanizmni rivojlantirish sohasida:

asosiy foiz stavkasi va foiz koridori, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmining samarali ishlashini ta’minlovchi bozor instrumentlari to‘plami, shu jumladan, kredit va depozit auksionlari, overnayt depozit va kreditlar joriy etiladi hamda zarur hollarda Markaziy bank obligatsiyalari muomalaga chiqariladi;

ichki valyuta bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishida market-meyker sifatidagi rolini bosqichma-bosqich oshirib borish, valyuta intervensiyalarini o‘tkazishga bo‘lgan yondashuvni takomillashtirish, shuningdek, hosilaviy instrumentlarni (svop, opsion va fyucherslar) joriy etish masalalari inobatga olingan;

imtiyozli kreditlash amaliyotini bozor tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqish orqali kredit bozoridagi segmentatsiya darajasi pasaytirib boriladi;

tahliliy-prognozlash salohiyatini oshirish sohasida:

makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimi (FPAS) va zamonaviy modellashtirish instrumentlari joriy etiladi;

aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyasion kutilmalari va inflyasiya omillarini empirik modellar asosida doimiy o‘rganib borish uslublari ishlab chiqiladi.

kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish sohasida:

keng jamoatchilik va biznes vakillariga inflyasiyaning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yetkazilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsiya siyosatining zamonaviy tamoyillari ishlab chiqiladi;

bozor ishtirokchilari bilan muloqot qilishning samarali mexanizmlarini tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘nalishlari belgilandi.

Shuningdek, bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida tijorat banklarini aholi va biznes vakillarining jamg‘armalarini investitsiyalarga aylanishiga, iqtisodiyotda uzoq muddatli pullarning shakllanishiga xizmat qiladigan moliya instutitlariga transformatsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Bank tizimida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar ehtimolini kamaytirish maqsadida makroprudensial nazoratning samarali choralari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Inflyasiyaning nomonetar omillarini pasaytirish maqsadida ularning har biri bo‘yicha chuqur va har tomonlama tahlil amalga oshiriladi hamda ishlab chiqilgan takliflar keyinchalik Hukumatga va tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boriladi.

Bundan tashqari, kelgusi yillarda monetar-fiskal va tarkibiy siyosat sohasidagi islohotlarni samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkaziladigan Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishlari soni bir yilda 4 tadan 8 taga oshirish grafigi tasdiqlandi va boshqaruv yig‘ilishlarini shanbadan payshanba kuniga o‘zgartirildi.

Shu munosabat bilan, 2019 yilning 26 noyabr kuni soat 11-00 da OAV vakillari uchun Markaziy bank va Moliya vazirligi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirilmoqda.

Pul-kredit siyosatining 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari to‘liq matni Markaziy bank veb-saytida joriy yilning 30 noyabriga qadar e’lon qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar