Turizm sohasi bo‘yicha kadrlarni rossiyalik mutaxassislar tayyorlaydi

Turizm sohasi bo‘yicha kadrlarni rossiyalik mutaxassislar tayyorlaydi

O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti Rossiya Federatsiyasining Sochi davlat universiteti FDBOTM (Federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi) bilan Hamkorlik memorandumini imzoladi.

Memorandum ikki ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, turizm va mehmondo‘stlik sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda akademik nashrlar almashuvi, ilmiy-ta’lim anjumanlari, pedagoglar va talabalar almashinuvi, akademik nashrlar bilan ishlashda yordamlashish, jumladan, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun professional ta’lim o‘quv-uslubiy dasturlarini ishlab chiqishga turtki beradi.

Hozirgi kunda Rossiyaning ilg‘or ta’lim dasturlari va metodikalarini integratsiyalashtirish bilan bog‘liq seminar va konferensiyalar ishtirokchilarini aniqlash, 2021 yil oxirigacha bilim va tajriba almashish bilan bog‘liq turli tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga doir faol ishlar olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, hujjat turizm va servis bo‘yicha professional ta’lim kollej/texnikumlari o‘qituvchi va mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston sayyohlik sanoati biznesi vakillari uchun Rossiya Federatsiyasining shu sohadagi yetakchi olim va ekspertlari ishtirokida qo‘shma onlayn seminar va treninglar o‘tkazilishini ko‘zda tutadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun: Sochi davlat universiteti (SDU) turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining tayanch universiteti hisoblanadi. SDU 30 yillik faoliyati mobaynida asosiy o‘quv dasturlarida 36 000 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlagan va ularning aksariyati turizm, dam olish kabi qator sohalarida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Universitetda 5ta fakultet (turizm va xizmat ko‘rsatish, iqtisodiyot va boshqaruv jarayonlari, atrof-muhit muhandisligi, ijtimoiy-pedagogik, yuridik) hamda iqtisodiy va texnologik kollejlari mavjud.

2018 yildan boshlab Fransiyaning «VATEL» mehmondo‘stlik instituti (mehmonxonalar va restoran biznesi bo‘yicha dunyoda yetakchi, «Mehmonxonalar biznesining eng yaxshi maktabi» jahon mehmondo‘stlik mukofoti sovrindori) bilan birgalikda ikki tomonlama diplom dasturi amalga oshirilib kelyapti.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar