Turizm sohasidagi tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi

Turizm sohasidagi tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi

“Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, turizm sohasi sub’yektlarining kreditlari bo‘yicha quyidagi foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi kompensatsiya qilinadi:

  • joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan foiz xarajatlari;
  • yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari;
  • aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan 1 mlrd so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar bo‘lgan foiz xarajatlari.

Shuningdek, joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 martdan 1 iyungacha bo‘lgan davrda foiz xarajatlari to‘liq hajmda kompensatsiya qilinadi.

Ushbu kompensatsiyalar turizm sohasi sub’yektlarining kreditlari soni va hajmidan, shuningdek, oldin berilgan va (yoki) berilayotgan kompensatsiyalar sonidan qat’i nazar ajratiladi.

Qaror bilan Turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, subsidiyalar:

  • turoperatorlarga – avia va temir yo‘l chiptalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun;
  • turoperator va turagentlarga – O‘zbekistonga olib kelingan va xizmat ko‘rsatilgan har bir xorijiy turist uchun;
  • joylashtirish vositalariga – joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) uchun ajratiladi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar