UZ Truck and Bus Motors qo‘shma korxonasi tashkil etildi

UZ Truck and Bus Motors qo‘shma korxonasi tashkil etildi

JV MAN Auto-Uzbekistan negizida UZ Truck and Bus Motors qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ta’sischilardan biri — Xitoyning Sinotruk kompaniyasi.

«O‘zavtosanoat», Xitoyning Sinotruk International Investment Limited va Germaniyaning MAN Truck & Bus SE kompaniyalari o‘tgan yili JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi negizida UZ Truck and Bus Motors qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati xabar berdi.

Buning natijasi o‘laroq, Sinotruk kompaniyasi JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi muassislari tarkibiga kirdi va korxona ustav fondiga 12,1 mln dollar hajmida bevosita investitsiyalar kiritdi.

Sinotruk kabi sherikni tanlash ushbu texnikaning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorida mashhurligi, mahsulotning hammabopligi, sifati va keng assortimenti, shuningdek 2009 yildan buyon Sinotruk kompaniyasining 25 foiz plyus 1 aksiyasi Germaniyaning MAN Truck & Bus SE (JV MAN Auto-Uzbekistan QK muassislaridan biri) konserniga tegishli ekanligi bo‘ldi.

Investitsiyalar ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 3 ming tijorat texnikasidan 6 ming donaga yetkazish, yangi modellar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va butlovchi detallarni mahalliylashtirishga yo‘naltiriladi. Ushbu loyiha 100dan ortiq ish o‘rinlari yaratish, korxonaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek ishlab chiqarilayotgan tijorat texnikasi mahalliylashtirish darajasini 50 foizgacha yetkazish imkonini beradi.

«Ushbu qaror bozorni arzonroq, shu bilan birga sifatli bo‘lgan, raqobatbardosh va xaridorlar uchun hamyonbop yuk avtomobillari bilan ta’minlash, respublika ichida turli brendlar o‘rtasida raqobatni oshirish, shuningdek yuk ko‘tarish qobiliyati 5 tonnadan 70 tonnagacha bo‘lgan, jumladan samosvallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsadida qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

2012 yilda og‘ir transport vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha JV MAN Auto-Uzbekistan yig‘uv zavodining ochilishi bo‘lib o‘tgan edi. Ayni paytda kompaniya MAN rusumli shahar va shaharlararo avtobuslar ham ishlab chiqarmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar